Jugʻrofiy, ijtimoiy va iqtisodiy chegara bilmas muammo

10:20 23 Noyabr 2021 Siyosat
387 0

Kecha “Zoʻravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz” shiori ostida 16 kunlik qoʻshma kampaniyaning boshlanishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Tadbirda senatorlar, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili vazifasini bajaruvchi va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi vakolatxonasi rahbari Yu Yu, BMT Taraqqiyot dasturining yurtimizdagi doimiy vakili Matilda Dimovska hamda bir qator xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlari, shuningdek, Yoshlar parlamenti aʼzolari qatnashdi.

Qayd etilganidek, bu yil oʻzining 30 yilligini nishonlayotgan xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashishga yoʻnaltirilgan bu global kampaniya dunyoning 187 ta davlatida oʻtkazilib, 6 mingdan ziyod tashkilotlar hamda 300 million kishini qamrab olmoqda. Buning boisi gender zoʻravonlik jugʻrofiy, ijtimoiy va iqtisodiy chegara bilmasligi bilan izohlanadi. Shu maʼnoda, rivojlanayotgan va rivojlangan davlatlarda ham bu muammoga barham berish uchun jiddiy choralar koʻrish talab qilinadi.

Tadbirda xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlari, ularning oqibatlarini yumshatish boʻyicha koʻriladigan choralar, xususan, amaliyot, muammolar va keyingi rejalar haqida ham soʻz bordi.

Aytib oʻtilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularga yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitini yaxshilash, opa-singillarimizga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish borasida qator ishlar olib borilmoqda.

Ushbu masala davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylangani bois ham turmush sharoiti ogʻir, ishsiz va kasb-hunarga ega boʻlmagan, ijtimoiy himoyaga, huquqiy va maʼnaviy-psixologik qoʻllab-quvvatlashga ehtiyojmand xotin-qizlarga manzilli yordam koʻrsatish boʻyicha mutlaqo yangi tizim — “ayollar daftari” joriy qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan inson qadri ustuvor boʻlgan yangi Oʻzbekistonda ayol qadri — ona qadri alohida oʻringa ega. Joriy yilda mamlakatimizda oiladagi zoʻravonliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish boʻyicha 8 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani ham buning amaliy isbotidir.

Davlat rahbarining 2021-yil 19-maydagi “Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori zoʻravonlikka uchragan ayollarga yordam koʻrsatish tizimini yaratish, oilaviy-maishiy zoʻravonlikning oldini olish va uning salbiy oqibatlariga barham berishga qaratilgan muhim hujjat boʻldi. Zero, shu qaror asosida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi huzurida 29 ta Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari tashkil etildi. Shu vaqtgacha bu markazlar nodavlat notijorat tashkiloti sifatida faoliyat yuritib kelgan boʻlsa, endilikda ular Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Oʻz navbatida, Hukumat tomonidan 2021 – 2022-yillarda oilaviy va maishiy zoʻravonlikning oldini olish, uni aniqlash va unga chek qoʻyishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi amalga oshirilmoqda.

Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi joriy yilning aprel oyida oilada zoʻravonlikning oldini olish hamda jabr koʻrganlarga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqladi. Uning ijrosini taʼminlash maqsadida vakolatli davlat idoralari rahbarlari darajasidagi ishchi guruh faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Sogʻliqni saqlash hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari tomonidan “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarga tibbiy-ruhiy yordam koʻrsatish boʻyicha” oʻquv qoʻllanmasi yaratilgani ham eʼtiborga molik.

Tazyiq va zoʻravonlikdan jabr koʻrgan, oʻz joniga suiqasd qilgan yoki shunga moyil boʻlgan xotin-qizlar bilan oʻzaro aloqa oʻrnatish, tezkor ruhiy, psixoterapevtik va huquqiy yordam koʻrsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish maqsadida “1146” raqamli ishonch telefoni “AZIZ-AYOL.UZ” yagona interaktiv milliy platformasi bilan muvofiqlashtirildi.

Adliya vazirligi tomonidan esa xotin-qizlarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga qaratilgan onlayn oʻquv kurslari ishlab chiqilib, barcha bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan “kurslar.huquqiyportal.uz” elektron platformasiga joylashtirildi.

Tadbirda “ayollar daftari”ga kiritilgan huquq va qonuniy manfaati buzilganligi boʻyicha murojaat qilgan 74 mingdan ortiq xotin-qizlarga sohaning yetuk mutaxassislari tomonidan huquqiy yordam koʻrsatilgani ham tilga olindi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan, ijtimoiy muammolari mavjud 71 mingdan ziyod “ayollar daftari”dagi opa-singillarimizga malakali mutaxassislar tomonidan psixologik yordam koʻrsatildi.

Qatnashchilar tomonidan zoʻravonlikning oldini olishga qaratilgan saʼy-harakatlar tizimli, manzilli, har bir mahalla, korxona, jamoa va oilada amalga oshiriladigan vazifaga aylanishi kerakligi, ushbu ishlar ijrosiga barcha darajadagi rahbarlardan tortib, mahalla faollarigacha masʼul ekanligi hamda bu borada samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi lozimligiga urgʻu berildi.

Shuningdek, tadbirda Oʻzbekistonning gender asosidagi zoʻravonlikka qarshi koʻp tarmoqli chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda zoʻravonlikdan jabrlanganlar va uni boshidan kechirgan xotin-qizlarga reabilitatsiya va moslashish markazlari va shelterlar orqali xizmat koʻrsatishga qaratilgan saʼy-harakatlar, bu boradagi ilgʻor tajriba yuzasidan fikr almashildi.

Yigʻilish davomida butun mamlakatimiz boʻylab Zoʻravonlikka qarshi birgalikda kurashamiz!shiori ostidagi “Gender zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi doirasida keng koʻlamda oʻtkaziladigan tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish, ularda barchaning faol ishtirokini taʼminlash, ayollarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, ularga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish, opa-singillarimizning jamiyatdagi mavqeini oshirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari keng muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senati Axborot xizmati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?