Juda ogʻir yillarda yashayapmiz. Har kuni izlanish, intilish va pirovard maqsadga ishlash kerak — Shavkat Mirziyoyev

21:07 08 Aprel 2021 Siyosat
923 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Tadbirkorlik mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor yoʻnalishi etib belgilangan va davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlab kelinmoqda. Xususan, oʻtgan yili kichik biznes subyektlariga jami 120 trillion soʻmlik kredit va moliyaviy yordamlar ajratildi. Natijada, pandemiyadan zarar koʻrgan 104 mingdan ortiq korxona faoliyati tiklanib, xususiy korxonalar pul aylanmasi oʻtgan yilga nisbatan 33 foizga oʻsdi.

Joriy yilning birinchi choragida 27 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil topgan. Tadbirkorlik uchun ajratilgan kreditlar oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 13 foizga oʻsgan.

Yigʻilishda ayrim hudud va sektor rahbarlari yaratilgan bu imkoniyatlardan haligacha toʻliq foydalana olmayotgani qayd etildi.

– Juda ogʻir yillarda yashayapmiz. Har kuni izlanish, intilish va pirovard maqsadga ishlash kerak. Tadbirkorni qoʻllab-quvvatlamasak, ularga sharoit yaratmasak, tadbirkorlarni koʻpaytirmasak, shahar va tumanlarda mahalliy byudjet koʻpaymaydi-ku. Biz qanchalik koʻp mablagʻ bermaylik, farmon-qarorlar qabul qilib, sharoit yaratmaylik, quyi pogʻonadagi rahbarlar dunyoqarashini oʻzgartirib, tadbirkor bilan doʻst boʻlib ishlamasa, natija boʻlmaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda hokimlar va sektor rahbarlariga oʻz hududida tadbirkorlikning ahvoli koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilardan qaysi hududda qaysi tadbirkorlik yoʻnalishlari rivojlantirilib, nechta yangi loyiha amalga oshirilishi, qancha ish oʻrni yaratilib, qancha aholi ish bilan taʼminlanishi boʻyicha soʻrov boʻldi.

Aytib oʻtilganidek, rivojlanishdan ortda qolgan 33 ta tumandan 28 tasida keskin oʻzgarish boʻlgan. Bu tumanlarda 2 mingta yangi loyiha bajarilib, 25 mingta yangi ish oʻrni yaratilgan.

Viloyat, tuman va shahar hokimlariga shu tajriba asosida, har bir mahallaning rivojlanish dasturini ishlab chiqib, mahalliy kengashlarda tasdiqlash, ijrosini tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Tadbirkorlik uchun yer va binolar ajratish masalasi ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari aholi bandligini taʼminlash uchun ularga oʻzi yashaydigan mahallada sharoit yaratib berish zarurligini taʼkidladi.

Masalan, mahalla idoralari binosida tadbirkorlik loyihalarini ishga tushirish yoki xususiy sheriklik asosida bino qurib, birgalikda foydalanish mumkin. Shuningdek, zamonaviy konstruksiyalardan koʻchma shoxobchalar qurish ham qulay va arzon.

Mutasaddi tashkilotlarga yengil konstruksiyali savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini tashkil etish, ularni auksion orqali joylashtirish tartibini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Chekka hududlarda joylashgan yer uchastkalarining boshlangʻich narxini 50 foizgacha chegirma bilan sotuvga qoʻyish vakolatini mahalliy kengashlarga berish taklifi bildirildi. Bundan tashqari, unumdorligi past boʻlgan va foydalanilmayotgan qishloq xoʻjaligi yerlarida ham kichik sanoat zonalari tashkil etish mumkinligi aytildi.

Biznes barqarorligi uchun infratuzilma suv va havodek zarur. Lekin joylarda bu borada kamchiliklar borligi tadbirkorlik rivojiga toʻsiq boʻlmoqda.

Jumladan, infratuzilmadagi muammolar tufayli 320 ta tadbirkor soʻnggi 2 yilda import qilgan 220 million dollarlik asbob-uskunalarini ishga tushira olmayapti.

Yana bir misol – elektr quvvati past boʻlgani bois, Yangihayot tumanidagi 24 ta korxonada 2,5 mingta ish oʻrni va eksportdan yiliga 25 million dollar yoʻqotilmoqda.

Shu bois sanoat zonalarini infratuzilma bilan taʼminlashga joriy yilda 2 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilmoqda. Buning evaziga yil yakuniga qadar 168 ta sanoat zonasi 468 kilometr elektr energiyasi, 362 kilometr gaz, 405 kilometr suv va 104 kilometr yoʻl bilan taʼminlanadi.

Biznes-ombudsmanga joylarga chiqib, tadbirkorlarning infratuzilma bilan bogʻliq muammolarini oʻrganib borish va ularni hal etish boʻyicha Bosh vazirga takliflar kiritish topshirildi.

Tadbirkorlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Pandemiya davrida xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish uchun 1 trillion soʻm ajratilgan edi. Buning hisobidan 20 mingta yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Shu bois, Markaziy bankka joriy yilda oilaviy tadbirkorlik uchun ajratilayotgan mablagʻlarning kamida 1 trillion soʻmini xizmat koʻrsatish sohasidagi yangi loyihalarga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Shuningdek, kompensatsiya beriladigan kreditlar foizi miqdori Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan 1,75 baravarigacha oshirilishi belgilandi.

Joriy yilda tadbirkorlarga aylanma mablagʻlar uchun kamida 40 trillion soʻm kredit, bundan tashqari, Eksportni ragʻbatlantirish agentligining 1 trillion soʻmi hisobidan eksportyorlarga “revolver” kreditlar ajratish muhimligi aytildi.

Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish maqsadida uch yil davomida soliqlarni oʻz vaqtida toʻlagan intizomli tadbirkorlarga soliqlarning 50 foizini boʻlib-boʻlib toʻlash huquqini berish tartibi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, eksportning valyutasi chet eldan oʻz vaqtida kelib tushmagani uchun jarima miqdorini 2 baravarga qisqartirish, majburiy ijro orqali undiriladigan qarzdorlikni byudjet va tadbirkorlar foydasiga teng taqsimlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Davlat xaridlari kichik va oʻrta biznes uchun katta imkoniyat ekani, hokimlar tadbirkorlarni ushbu jarayonga yana-da faol jalb qilib, ularning davlat xaridlaridagi ulushini kamida 2 baravarga oshirishi zarurligi taʼkidlandi.

Tadbirkorlik rivoji bandlik masalasi bilan bogʻliq. Joriy yilda bandlik dasturi asosida 457 mingta doimiy yangi ish oʻrni tashkil etish maqsad qilingan.

Xususan, kichik va oʻrta biznes korxonalari hamda yangi yakka tadbirkorlar faoliyatini tashkil etish hisobiga 210 mingta, tarmoq va hududiy investitsiya loyihalari hisobiga 248 mingta yangi ish oʻrni ochish moʻljallangan.

Bundan tashqari, 40 ming nafar ishsizlarga oʻzini oʻzi band etishi uchun 92 milliard soʻm subsidiya ajratilishi belgilangan.

Yigʻilishda bu masalaning dolzarbligiga yana bir bor ahamiyat qaratilib, mutasaddilarga qator topshiriqlar berildi.

Joriy yil birinchi choragida 36 trillion soʻm byudjet tushumi taʼminlanib, mahalliy byudjetlar ixtiyorida 1,6 trillion soʻm qoldirilgani qayd etildi. Bor manbalarni kengaytirib va qoʻshimcha zaxiralarni tahlil qilib, bundan buyon ham tushumlarni kafolatli taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Faoliyatida sustkashlikka yoʻl qoʻygan, tadbirkorlar bilan ishlashga yetarlicha eʼtibor bermagan hokimlar va sektor rahbarlariga nisbatan intizomiy choralar belgilandi.

Videoselektor yigʻilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha va hududlar rahbarlari axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?