JSST: Oʻtgan haftada koronavirusni yuqtirgan bemorlar soni 3 foizga koʻpaydi

19:59 11 Avgust 2022 Dunyo
718 0

Foto: Arxiv surat

Joriy yilning 1-7-avgust kunlari dunyo boʻyicha 6,9 million nafardan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Ulardan 14,5 ming nafari kasallik oqibatida hayotdan koʻz yumdi.

Xoʻsh, bu avvalgi haftaga nisbatan koʻpmi yoki kam? Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining navbatdagi hisoboti shunga doir maʼlumotlar tahliliga bagʻishlandi.

Qayd etilishicha, 1-7-avgust kunlari Yer yuzida COVID-19ni yuqtirish holatlari 25-31-iyul sanalariga nisbatan 3 foizga ortgan. Asosiy oʻsish dinamikasi Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlariga toʻgʻri keldi — 29 foiz.

Qolgan hududlarda esa buning aksi kuzatildi. Xususan, kasallanishlar soni Afrikada 46 foiz, Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqasi hamda Shimoliy va Janubiy Amerikada 22 foizga pasaydi.

Infeksiyani eng koʻp yuqtirgan bemorlar Yaponiyada roʻyxatga olindi — qariyb yarim million nafar. Keyingi oʻrinni 760 mingga yaqin koʻrsatkich bilan AQSH band etdi. Janubiy Koreya esa 713 mingdan ziyod holat bilan uchinchi pogʻonaga koʻtarildi.

Biroz taskin beruvchi xabar koronavirusdan oʻlim darajasi 9 foizga kamayishi boʻldi. Yaʼni Sharqiy Oʻrta yer dengizi va Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlaridan boshqa hududlarda sezilarli pasayish tendensiyasi qayd etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?