JSST: Oʻtgan haftada koronavirusdan oʻlim koʻrsatkichi 18 foizga kamaydi

11:36 29 Sentyabr 2022 Dunyo
727 0

Illustrativ foto

Bundan qariyb bir oy avval xalqaro ekspertlar, olimlar, jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti rahbari Tedros Gebreyesus kuz mavsumi boshlanishi bilan dunyoda koronavirus infeksiyasi keskin avj olishidan jiddiy tashvishda edi.

Mana, xazonrez faslining ilk oyi yakunlanyapti. Hisobotu monitoring natijalari esa peshma-pesh tahlil etib borilmoqda. Quvonarli jihati, hozircha xavotirli prognozlar oʻzini oqlagani yoʻq. Aksincha, pandemiya qisman ortga chekinmoqda.

JSSTning navbatdagi bayonoti — buning tasdigʻi. Unga koʻra, oʻtgan hafta davomida Yer sharining barcha nuqtalarida jami 3 million nafardan ortiq kishi SOVID-19 infeksiyasini yuqtirgan. Ulardan 9 ming nafarga yaqini kasallik oqibatida hayotdan koʻz yumdi.

Qiyosiy koʻrsatkichlarning tasdiqlashicha, 19-25-sentyabr sanalarida koronavirusga chalinish holatlari undan avvalgi haftaga nisbatan 11 foizga, vafot etganlar soni esa 18 foizga kamaygan.

Infeksiya aniqlanishi bilan bogʻliq sezilarli pasayish dinamikasi Afrika (- 33 foiz) va Gʻarbiy Tinch okeani mintaqasi mamlakatlarida (-19 foiz) kuzatildi. Oʻlim holatlari esa Afrikada 34, Yevropa va Sharqiy Oʻrta yer dengizi mintaqalarida esa 26 foizga kamaygan.

Hafta davomida roʻyxatga olingan bemorlar soni boʻyicha Yaponiya yechakchilik qildi — qariyb 536 ming kishi. Keyingi oʻrinni 361 mingdan ziyod holat bilan AQSH egalladi. Shuningdek, Rossiyada 354 mingga yaqin, Xitoyda 292 mingdan ortiq, Germaniyada esa 249 ming kishiga koronavirus tashxisi qoʻyildi.

Eng koʻp bemorlar oʻlimi AQSHda kuzatildi. Mamlakatda oʻtgan haftada 2484 kishi COVID-19 qurboniga aylandi. Qolaversa, Rossiyada 712, Yaponiyada 659, Xitoyda 497 va Braziliyada 450 nafar odam xastalik tufayli vafot etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?