JSST: “Omikron” emlanmagan aholi qatlamiga koʻproq xavf solmoqda

Koronavirus insoniyat uchun allaqachon global xatarga aylanib ulgurgan. Uning yangi shtammi esa dunyodagi epidemiologik vaziyatni butunlay oʻzgartirib yubordi.
JSSTning soʻnggi bayonotida aytilishicha, “omikron” varianti “delta”ga nisbatan kamroq asoratlar qoldirayotgan boʻlsa-da, biroq u baribir emlanmagan aholi qatlami uchun jiddiy xavfdir.
Xavotirlar, albatta, oʻrinli. Chunki hozir 90 ta mamlakatda emlash koʻrsatkichlari 40 foizga ham yetmaydi. 36 davlatda esa fuqarolarning atigi 10 foizigina vaksina olgan, xolos. Jumladan, Afrika qitʼasi aholisining 85 foizdan ortigʻi hatto birinchi doza bilan emlanmagan.
JSST rahbari Tedros Gebreyesus yer yuzida koronavirus bilan bogʻliq oʻlimlar soni haftasiga qariyb 50 mingtani tashkil etayotganiga urgʻu berar ekan, “COVID-19 bilan yashashni oʻrganishimiz kerak, lekin bu shuncha koʻp yoʻqotishlarga dosh bera olamiz degani emas” deya taʼkidladi.
AQSHning Milliy allergiya va yuqumli kasalliklar instituti direktori Entoni Fauchining xulosasi ham shunday. U oxir-oqibat hech kim “omikron”dan qochib qutula olmasligi ehtimolini istisno etmaydi. Biroq vaksina olganlar bu yuqumli infeksiyaga osonroq bardosh berishadi.
“Emlanganlardan baʼzilari kasallikka chalinishi mumkindir, lekin aksariyat hollarda ularni gospitalizatsiya qilishga ehtiyoj boʻlmaydi va oʻlim holatlari deyarli kuzatilmaydi, — deydi u. — Ogʻir asoratlardan asosan vaksina olmaganlar aziyat chekadi”.
Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, koronavirusning “omikron” shtammi keksalar, yondosh kasalligi borlar va bolalar hayotiga alohida xavf tugʻdiradi.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, kecha dunyo boʻyicha COVID-19 infeksiyasini yuqtirgan eng koʻp bemor AQSHda qayd etilgan — 850 ming nafar. Shuningdek, pandemiyaning yangi toʻlqini endi Janubiy Amerika qitʼasi mamlakatlari uchun ham jiddiy xavf tugʻdiryapti.
Masalan, Argentinada 131 ming, Braziliyada 88 ming, Kolumbiyada 29 ming, Peruda 27 ming, Boliviyada 14 ming yangi holat qayd etilgan.
Osiyoning qator davlatlarida ham vaziyat tobora yomonlashmoqda. Xususan, 11-yanvarda Turkiyada 75 ming kishida xastalik roʻyxatga olingan boʻlsa, Filippinda kecha 33 ming nafar bemorda kasallik qayd etilgan. Avstraliyada esa 84 ming kishi COVID-19ni yuqtirib olgan. Kasallanish holatlarining katta qismini “omikron” shtammi tashkil etayotgani aytilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 181 ming gektar tokzorlar mavjud — Qishloq xoʻjaligi vazirligi
- Ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish vazifasi qoʻyildi
- “Oltin toʻp”ga daʼvogarlarning toʻliq roʻyxati eʼlon qilindi, unda Messi yoʻq
- Mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlariga
- 2022/2023 oʻquv yilidan yurtimizda ilk bor transplantologiya va kardioxirurgiya boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi
- Kirish test sinovlarining birinchi kun natijalari eʼlon qilindi — DTM
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring