JSST: Dunyoda qizamiq infeksiyasining keng tarqalish xavfi yuqori

14:55 24 Noyabr 2022 Dunyo
398 0

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʻra, dunyoda millionlab bolalar qizamiq infeksiyasini yuqtirish xavfi ostida yashamoqda. Chunki koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon ushbu kasallikka qarshi emlash qamrovi sezilarli darajada pasaygan.

Masalan, 2021-yilda qariyb 40 million nafar bola mazkur infeksiyadan himoyalovchi vaksinalarni qabul qilmagan. Xususan, 25 million chaqaloq preparatning birinchi dozasini, 14,7 million oʻgʻil-qiz esa ikkinchi dozasini oʻtkazib yuborgan.

JSST rahbari Tedros Gebreyesusning taʼkidlashicha, COVID-19 pandemiyasi avj olgan davrda asosiy eʼtibor shu kasallikdan himoyalanishga qaratildi. Karantin cheklovlari, uydan bemaqsad chiqishga qoʻyilgan taqiqlar tufayli Emlash kalendarlariga yetarlicha rioya etilmadi.

Shu sababli kelgusida bolalar oʻrtasida qator yuqumli virusli kasalliklar, jumladan, qizamiq infeksiyasi tez tarqalishi mumkin. Bu esa dunyoning barcha mintaqalarida yashovchi oʻgʻil-qizlar salomatligi uchun jiddiy xavfdir.

Vaholanki, oʻtgan yili jahonda qizamiqni yuqtirish bilan bogʻliq toʻqqiz millionta holat qayd etilgan boʻlib, bemorlardan 128 ming nafari hayotdan koʻz yumgan.

Eslatib oʻtamiz, dunyodagi qizamiq boʻyicha murakkab epidemiologik vaziyatni eʼtiborga olib, kasallik yurtdoshlarimiz oʻrtasida keng tarqalishining oldini olish maqsadida mamlakatimizda qizamiq va qizilchaga qarshi milliy emlash kunlari boʻlib oʻtmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?