Joriy yilda qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun 1-terimda 1 200 soʻmdan, 2-terimda 1 500 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mehnat haqi toʻlash belgilandi

16:49 08 Sentyabr 2021 Iqtisodiyot
455 0

Sifat — puxta hozirlikka bogʻliq

Paxta hosilini yigʻib-terib olish ham oʻziga xos masʼuliyatni talab etiladigan palla. Negaki, bu mavsumda hosil yigʻib-terib olinishi barobarida, yil boʻyi qilingan mehnatga baho beriladi-da. Ayni paytda respublikamizdagi ayrim fermerlar dalalarida paxta terimiga kirishilgan boʻlsa, baʼzilarida puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasida tegishli vazirlik va idoralar masʼullari hamda uyushma tizimidagi 122 ta paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbarlari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan tadbirda ham ayni shu masala — joriy yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumini uyushqoqlik bilan oʻtkazish, yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan oʻz vaqtida va sifatli yigʻib-terib olish masalalariga bagʻishlandi. Mavsumda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olish, terimchi va hasharchilarga yetarli shart-sharoit yaratish, mehnatga haq toʻlash masalalari muhokama etildi.

Terimga kimlar jalb etiladi?

Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Saʼdulla Tojiyevning maʼlum qilishicha, bu yilgi paxta yigʻim-terim mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrildi.

Mavsumda majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik va boshqa holatlarning oldini olish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va barcha tumanlarda paxta terim markazlari tashkil etilmoqda. Terimga, asosan, paxta-toʻqimachilik klasterlari hamda fermer xoʻjaliklari ishchilari, shuningdek, muayyan mehnat bilan band boʻlmaganlar va koʻngilli hasharchilar fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida jalb etiladi.

Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari tomonidan paxta terimida qatnashadigan terimchilar, terim otryadlari va otryad rahbarlari roʻyxati shakllantirilib, elektron baza yaratiladi.

Karantin talablariga toʻliq rioya qilinadi

Bu yilgi pandemiya sharoiti inobatga olingan holda, har bir terim otryadi tarkibida terimchilar soni 70 nafardan oshirilmaydi. Ular uchun issiq ovqat tashkil etilib, tibbiy xizmat, koʻchma savdo, madaniyat va maishiy xizmatlar ham yoʻlga qoʻyiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi koʻmagida Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlariga respublikaning boshqa hududlaridagi Aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari va xususiy bandlik agentliklari tomonidan roʻyxatga olingan aholi vakillarini ixtiyoriy ravishda jalb qilish koʻzda tutilgan. Ular uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan yotoq joylari hozirlanib, zarur inventarlar bilan jihozlanadi.

Terimchilar zarur ashyo va anjomlar bilan taʼminlanadi. Ularni paxta dalasiga olib borish va olib kelish uchun avtobuslar biriktiriladi.

Har besh kunda pul beriladi

Joriy yilda qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun birinchi terimda 1 200 soʻmdan, ikkinchi terimda 1 500 soʻmdan kam boʻlmagan miqdorda mehnat haqi toʻlash belgilandi.

Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining chekka tumanlarida terimchilarni qoʻshimcha jalb qilish maqsadida qoʻlda terilgan har bir kilogramm paxta xom ashyosi uchun respublika byudjeti qoʻshimcha manbalari hisobidan 230 soʻmdan ustama haq toʻlanishini taʼminlanadi.

Shuningdek, klasterlar oʻzlariga biriktirilgan hududlarda terim pulini mustaqil belgilashi, yaʼni tavsiya etilayotgan narxlardan yuqori miqdorda haq toʻlashlari ham mumkin.

Paxta-toʻqimachilik klasterlariga paxta xom ashyosini terib olish uchun yillik 14 foiz stavkada kredit ajratish maqsadida olti oy muddatda qaytarish sharti bilan «Agrobank» ATB depozitiga 1,6 trln. soʻmgacha mablagʻlar ajratilgan. Terim pullari har besh kunda, dam olish kunlariga toʻgʻri kelishidan qatʼiy nazar dalaning oʻzida xizmat koʻrsatuvchi bank vakili tomonidan tarqatilishi belgilangan.

Dilshod ULUGʻMURODOV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?