Joriy yilda aholining guruch mahsulotiga boʻlgan talabi yuzasidan 111,2 ming gektar sholi ekilib, parvarishlanmoqda

14:47 03 Sentyabr 2022 Iqtisodiyot
1207 0

Joriy yilda respublika aholisini guruch mahsulotiga boʻlgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobiga qoplash uchun jami 111,2 ming gektar, shundan asosiy maydonlarga 40,3 ming gektar va takroriy ekin sifatida 70,9 ming gektarga sholi ekilib, parvarishlanmoqda.

Qishloq xoʻjaligidagi boshqa yoʻnalishlar kabi sholichilikni ham zamonaviy texnologiyalarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Jumladan, sholi maydonlarida resurs va suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Sholi ekishga moʻljallangan umumiy maydonning 25,2 ming gektari lazerli tekislandi, 38,2 ming gektar maydonga koʻchat usulida va 15,3 ming gektarga zamonaviy seyalkalar bilan sholi urugʻi qadaldi.

Sholichilikdagi yana bir oʻzgarishlardan biri shuki, ushbu yil hosili uchun ilk marotaba tegishli hududlarda urugʻlik sholi yetishtiruvchilar boʻyicha tender tanlovlar oʻtkazildi. Bunda urugʻlik sholi yetishtiruvchi 356 ta subyektlar tanlab olinib, 6 ming 203 gektar maydonlarga ekish uchun yuqori avlodli mahalliy sholi navlarining urugʻliklari yetkazib berildi.

Sholi hosildorligini oshirish, yangi resurs tejamkor, yuqori hosilli navlar yaratish boʻyicha Vetnam Qishloq xoʻjaligi Ilmiy Akademiyasidan 2 ta mutaxassis (Pham Van Nghia, Nguyen Phu Thanh) taklif etildi va 6 ta sholining ertapishar navlari olib kelinib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida dastlabki tajriba sinovlari olib borilmoqda.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2022-yilda respublikada 485 ming tonna yoki oʻtgan yilga nisbatan 55 ming tonna koʻp sholi hosili yetishtirish, bundan 347 ming tonna guruch mahsulot ishlab chiqarish kutilmoqda.

Eng muhimi, resurs tejamkor texnologiyalar joriy qilingan maydonlarning har bir gektaridan olinadigan sholi hosildorligi oʻrtacha 65-70 sentnerga yetkaziladi hamda respublika aholisini guruchga boʻlgan talabini ichki ishlab chiqarish hisobiga toʻliq taʼminlash va importni toʻxtatish imkoni yaratiladi.

Eʼtiborlisi, ushbu yilda yetishtiriladigan yuqori avlodli sholi urugʻliklari hisobidan 2023-yildan boshlab respublika boʻyicha toʻligʻicha sertifikatlangan urugʻlik bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?