Joriy yil yakuniga qadar 35 nafar professor-oʻqituvchi Litvada malaka oshiradi

17:57 01 Iyul 2022 Jamiyat
436 0

Foto: Edu.uz

Shu kunlarda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda oliy taʼlim muassasalari mas’ullaridan iborat delegatsiya Vilnyus shahrida bo‘lib turibdi. Bugun ular Jahon bankining “Oliy taʼlim tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida tashkil etilgan oʻquv seminarida ishtirok etishdi.

Uchrashuvlar davomida:

 2022-yil yakuniga qadar Andijon mashinasozlik instituti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, Fargʻona politexnika instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti va Toshkent davlat texnika universitetidan jami 35 nafar professor-oʻqituvchini akademik mobillik dasturi doirasida Litvada malaka oshirishini tashkil etish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishildi.

Litvaning oliy taʼlim sohasidagi 10 ga yaqin malakali mutaxassisini mamlakatimizga taklif qilish orqali joriy yil davomida 28 ta davlat oliy taʼlim muassasasidan 200 nafar mutaxassisni taʼlim sifatini taʼminlashdagi yangicha yondashuvlarga oʻqitish va sohadagi Yevropa tajribasini Oʻzbekistonda qoʻllash boʻyicha muzokoralar olib borildi. Bu boradagi ishlarni Jahon banki koʻmagida amalga oshirishga kelishildi.

Shuningdek, Litvaning Vitautas Magnus universiteti bilan hamkorlikda yangi oʻquv yilidan Buxoro davlat universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetida bioiqtisodiyot yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash, oʻquv dasturlarini takomillashtirish, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirilishi belgilandi;

Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti hamda Toshkent davlat texnika universiteti bilan “muqobil energiya”, Andijon mashinasozlik instituti hamda Vilnyus universiteti bilan “yashil iqtisodiyot” yoʻnalishlarda kadrlar tayyorlash boʻyicha dastlabki kelishuvlarga erishildi;

Gediminas nomidagi Vilnyus texnika universiteti va “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti oʻrtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi;

Erasmus+ grant loyihasi doirasida (319 ming yevro) Oʻzbekistonda mexatronika taʼlim yoʻnalishining Yevropa standarti asosida oʻquv reja va dasturlarini ishlab chiqish, oʻqitish materiallari va vositalarini tayyorlash, professor-oʻqituvchilar malakasini oshirish va Oʻzbekiston mexatronika jamiyatini tashkil etishga kelishib olindi;

Litvaning Mikolas Romeris universiteti bilan hamkorlikda Toshkent davlat yuridik universitetida 2022-2023-oʻquv yilidan xalqaro huquq mutaxassisligi boʻyicha magistratura qoʻshma taʼlim dasturini joriy qilishga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?