Samarqandda «Inson huquqlari sohasida ta’lim» mavzusiga bag‘ishlangan Global forum bo‘lib o‘tadi

16:03 16 Noyabr 2022 Jamiyat
645 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Forumning asosiy maqsadi BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha Jahon taʼlim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilish, bu sohadagi ilgʻor tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya tizimini takomillashtirish boʻyicha oʻzaro fikr almashish hamda tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

BMT Inson huquqlari boʻyicha Kengashining 2022-yil 6-oktyabrdagi 51/2 rezolyutsiyasiga muvofiq, Global forum doirasida 2030-yilgacha kun tartibi hamda inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya boʻyicha boshqa tegishli tashabbuslar bilan uygʻunlashuvni hisobga olgan holda, Jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichi uchun maqsadli sektorlar, asosiy sohalar va mavzuli masalalar yuzasidan takliflar muhokama qilinadi.

Global forum vazifalari:

— BMTning Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi qoidalarini amalga oshirish bilan bogʻliq xalqaro, mintaqaviy va milliy inson huquqlarini oʻqitish boʻyicha tajriba va yondashuvlarni muhokama qilish;

— inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiyaning dolzarb muammolarni hal qilishda, xususan, kamsitish va zoʻravonlik ekstremizmining oldini olishdagi hissasini oʻrganish;

— soʻnggi yillarda milliy darajada inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiyaning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tahlil qilish va ular yuzasidan takliflar tayyorlash;

— barcha darajadagi, shu jumladan, ilgʻor tajriba va olingan saboqlar, shuningdek, mavjud materiallar, muassasalar va dasturlar toʻgʻrisidagi axborotni aniqlash, toʻplash va tarqatish orqali axborot almashuvi;

— BMTning Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi Deklaratsiyasi hamda 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibining 4.7-vazifasiga muvofiq yaqin yillarda inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiyani milliy darajada amalga oshirilishini yanada ragʻbatlantirish.

Global forum xalqaro ekspertlar, mutaxassislar, davlat organlari, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar ishtirokida ochilish, yopilish marosimi, yalpi va parallel sessiyalarni oʻz ichiga oladi.

Yalpi va parallel sessiyalar davomida moderatorlar maqsadli munozaralar tashkil etish, tinglovchilarni faol jalb qilish, iloji boricha ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, muhokama qilinadigan turli mavzularga oid tegishli savollar bilan muhokamalarni tashkil etishda katta rol oʻynaydi.

Munozaralar davomida barcha darajalarda, jumladan, ilgʻor tajribalar va olingan saboqlar, shuningdek, mavjud materiallar, muassasalar va dasturlar haqida maʼlumotni aniqlashtirish, toʻplash va tarqatish orqali maʼlumot almashish imkoniyati mavjud boʻladi.

Global forumda xalqaro, mintaqaviy va milliy miqyosda inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya tizimini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek, BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi va 2030-yilgacha boʻlgan davrda Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibining 4.7-vazifasiga muvofiq kelgusi yillarda inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiyani milliy darajada amalga oshirishni yanada faollashtirish rejalashtirilgan.

“Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusidagi Global forum dasturi doirasida 2 ta yalpi majlis oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Birinchi yalpi majlisda BMTning Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya Deklaratsiyasi: yutuqlar va zamonaviy xavflar, ushbu majlis doirasida BMTning Inson huquqlari boʻyicha taʼlim va tarbiya Deklaratsiyasini amalga oshirilishining borishi, inson huquqlari boʻyicha sifatli taʼlimga erishish maqsadida tamoyillar va yondashuvlar, shuningdek, dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasidagi texnologik rivojlanish va zamonaviy muammolarni hisobga olgan holda yutuqlar, olingan saboqlar va xulosalar muhokama qilinadi.

Ikkinchi yalpi majlisda xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya tizimini takomillashtirish masalalari muhokama etiladi va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Tadbirning “Global, mintaqaviy va milliy miqyosda inson huquqlari boʻyicha rasmiy taʼlim tamoyillari hamda yondashuvlarining xilma-xilligi va birligi” mavzusidagi shoʻba (parallel) sessiyalari tashkil etiladi, unda 4 ta sessiyasida ishtirokchilar quyidagi masalalarni muhokama qiladilar:

— maktab yoshidagi bolalarning inson huquqlari sohasidagi taʼlimi: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar;

— oliy taʼlim muassasalarida inson huquqlari sohasida taʼlim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar (COVID-19, texnologiyalarni, internet resurslarini rivojlantirish, geosiyosat va boshqalar);

— professional institutlar (sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura) orqali inson huquqlari sohasida uzluksiz taʼlimni taʼminlash: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar;

— fuqarolik jamiyati uchun inson huquqlari boʻyicha norasmiy taʼlim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy xavflar (gender jihatlar, inklyuzivlik, migratsiya va ommaviy axborot vositalariga eʼtibor qaratgan holda).

Yalpi majlis va shoʻba sessiyalar yigʻilishlari davomida umumjahon, mintaqaviy (Osiyo, Amerika, Afrika, Yevropa) va milliy darajadagi inson huquqlari boʻyicha taʼlimning ilgʻor tajribalari taqdim etiladi.

Anjumanning ikkinchi kunida “Inson huquqlari boʻyicha mahorat darslari” oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Unda dunyoning turli universitetlarining inson huquqlari boʻyicha yetakchi professor-oʻqituvchilari Oʻzbekistonning yuridik oliy taʼlim muassasalarida (Toshkent, Samarqand, Nukus va boshqalar) inson huquqlari fanidan dars berish boʻyicha “mahorat darslari” oʻtkazadilar. Ushbu “mahorat darslari”ga kirish ham oflayn, ham onlayn formatda ishtirokchilar uchun taqdim etiladi.

Forumning asosiy Milliy tashkilotchisi Oʻzbekiston hukumati nomidan Inson huquqlari boʻyicha Milliy markazi.

Xalqaro hamkorlar - BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari boshqarmasi, Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy byurosi, BMTning Oʻzbekistondagi jamoasi, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, YUNICEF, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Fridrix Ebert jamgʻarmasi va boshqa xalqaro tashkilotlar.

Global forumda milliy va xorijiy ekspertlar, inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar, taʼlim muassasalari, akademik jamoatchilik, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etishi nazarda tutilmoqda.

Forum ishtirokchilarini onlayn roʻyxatdan oʻtishi www.asianforum.uz sayti orqali amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?