Joriy yil 26-27-may kunlari Samarqandda Oʻzbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi oʻtkaziladi

15:55 26 Aprel 2023 Jamiyat
580 0

Bugun Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Tilo Klinner bilan muloqot oʻtkazdi.

Uchrashuvda tibbiyot sohasi boʻyicha koʻp qirrali aloqalarni kengaytirish, oʻzaro hamkorlikda yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, ayni paytda Germaniyaning Frayburg, Sharite, Gannover xalqaro neyroilmiy hamda Robert Kox oliygohlari bilan onkologiya, neyroxirurgiya, kardioxirurgiya, telemeditsina yoʻnalishlarida hamkorlik davom ettirilmoqda.

Germaniyaning KfW banki bilan Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, muqobil energiya manbalarini ishga tushirish va tibbiy taʼlim boʻyicha umumiy qiymati 175 mln. yevroga teng 7 ta investitsiyaviy hamda grant loyihasi amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Reproduktiv salomatlik, onalik va bolalikni muhofaza qilish” loyihasi mamlakatimizda ixtisoslashgan pediatriya xizmatini yaxshilashga qaratilgan.

“Sil kasalligiga qarshi kurash” grant loyihasining 5 va 6-bosqichi Respublika ixtisoslashgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy silga qarshi dispanserlarni zamonaviy jihoz va asbob-uskunalar bilan taʼminlashni koʻzda tutadi.

Qolaversa, hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot markazlarida teleradiologiyani joriy etish, sogʻliqni saqlash sohasiga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi shifo maskanlarini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, Termizda tibbiy taʼlim hamda malaka oshirish dasturini modernizatsiya qilishga doir loyihalar ham mavjud.

Bundan tashqari, Germaniyaning Sharite va Robert Kox universitetlari klinikalari bilan hamkorlikda “Robert Kox – Ibn Sino” tibbiyot fondi tashkil etilib, uning doirasida tibbiyot mutaxassislari malakasini oshirish, telemeditsina yordamida mahorat darslari qamrovini oshirish, xorijiy investitsiyani jalb qilish belgilangan.

Muloqot davomida shu yilning 26-27-may kunlari Samarqand shahrida Oʻzbekiston — Germaniya xalqaro tibbiyot forumi oʻtkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

Taʼkidlanganidek, ushbu nufuzli tadbir orqali ikki davlat oʻrtasida sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim, farmatsevtika, IT, xalq tabobati kabi qator yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzaro tajriba almashish va sohaga daxldor qoʻshma korxonalar yaratish imkoniyatlarini oʻrganish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?