Joriy yil 1-avgustdan yerga oid munosabatlarda qanday oʻzgarishlar boʻladi?

00:08 10 Iyun 2021 Iqtisodiyot
614 0

Bugungi kunda respublikamiz boʻyicha jami yerlar 44 892,4 ming gektarni tashkil etadi. Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarning umumiy maydoni esa, 20 236,3 ming gektardan iborat. Hozirda uni kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Lekin ayrim hollarda yerni oʻzboshimchalik bilan egallab olish, undan samarasiz foydalanish, yer maydonining aniq hisobi yuritilmasligi sabab ularni ajratishda korrupsiyaga yoʻl qoʻyish holatlari uchrab turadi. Yillar davomida tartib-intizom, hisob-kitob boʻlmagani natijasida minglab gektar yer talon-taroj boʻlgan.

Bugun, 9-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishida bu haqda alohida taʼkidlandi.

Unda Prezidentimizning “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni taʼminlash, yerga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni mazmun-mohiyati va undan kelib chiqadigan vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Yigʻilishda parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari A.Haitov soʻz olar ekan, keyingi yillarda xalqimiz hayoti, faoliyati va farovonligi asosi boʻlgan yerdan oqilona foydalanish, qishloq xoʻjaligi yerlarining muhofaza qilinishini taʼminlash, ularning meʼyoriy qiymati hamda sifat koʻrsatkichlarini aniqlash eng ustuvor vazifalardan biriga aylanganini taʼkidladi.

– Yer umummilliy boylik, eng muhim tabiiy resurs hisoblanib, uning hisobini aniq yuritish va samarali foydalanish qishloq xoʻjaligi, tadbirkorlik, ishlab chiqarish kabi koʻplab sohalar uchun juda muhimdir, – dedi A.Haitov. – Lekin tartib-intizom, hisob-kitob boʻlmagani sababli yer uchastkalarini ajratish masalasi eng chigal muammo, korrupsiyalashgan jarayon edi. Prezidentimiz tomonidan kuni kecha imzolangan mazkur farmon bu borada juda tarixiy ahamiyatga egadir. Zotan, ushbu hujjatda juda koʻp chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, endi tadbirkorlik uchun yerlarni toʻgʻridan-toʻgʻri va tekinga berish amaliyotidan butunlay voz kechilib, yerlar hamma uchun bir xil va oshkora, elektron auksion orqali xususiy mulk qilib sotiladi yoki ijaraga beriladi. Bu bilan esa yer ajratishda tenglik va shaffoflik taʼminlanadi.

Yigʻilishda endilikda meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqi bilan yer ajratish tartibi bekor qilinib, bunda ilgari ajratilgan yer uchastkalariga boʻlgan bunday huquqlar ularning egalarida amaldagi tartibda saqlanib qolinishi qayd etildi.

Farmonga muvofiq, ijaraga olingan yer uchastkasida qonunchilikda belgilangan tartibda qurilgan koʻchmas mulk obyektiga mulk huquqi boshqa shaxsga oʻtgan taqdirda, ushbu obyektga mulk huquqi bilan birgalikda u joylashgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi ham yangi mulkdorga oʻtishi taʼkidlandi.

Yigʻilishda farmonda belgilangan vazifalar ijrosini sifatli va yuqori saviyada taʼminlash, joylarda uning ijrosini tashkil etishda deputatlar faol boʻlishi lozimligi aytilib, hujjatda qoʻyilgan vazifalardan kelib chiqib, OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab olindi.

Fraksiya yigʻilishida shuningdek, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi ham birinchi oʻqishda koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?