Joriy hafta oxiriga borib havo harorati pasayib, qor yogʻishi kutilyapti

15:36 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
637 0

Arxiv surat

“Oʻzgidromet” joriy hafta kutilayotgan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

Unga koʻra, bugun Oʻzbekiston hududi boʻyicha havo harorati meʼyordan 3-4°ga yuqori boʻlgan kam bulutli va oʻrtacha iliq ob-havo saqlanib turadi.

Bunday holat haftaning oʻrtasigacha davom etadi, hududlarning katta qismida yogʻingarchilik kutilmaydi, harorat fonining yuqoriligi saqlanib turadi — kechalari 7-12° iliq, kunduz kunlari 22-27° iliq boʻladi. Faqat respublikaning shimoliy hududlariga chorshanba kuni Volga boʻyi hududlaridan sovuq va nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi. Qoraqalpogʻistonda va Xorazm viloyatida baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, harorat pasayishni boshlaydi.

Payshanba kuni nam va sovuq havo massalari respublikamizning barcha hududlariga taʼsir etadi. Koʻpchilik viloyatlarda yomgʻir yogʻadi. Eng chekka sharqiy hududlarda yomgʻir yogʻishi kechqurun kutilmoqda. Qoraqalpogʻistonda va Xorazm viloyatida yogʻingarchiliksiz havo boʻladi. Havo harorati kunduz kuni 13-18° iliqqacha pasayadi, bu meʼyordan 2-4° past boʻladi.

Juma kuni Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida kechasi va ertalab yomgʻir yogʻadi. Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlarida kun davomida yomgʻir yogʻishi kutilmoqda. Respublikaning qolgan hududlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati kechasi va kunduzi 8-13° iliqni tashkil etadi, bu iqlimiy meʼyorlardan 6-7° ga past boʻladi.

21-22-oktyabrda togʻ oldi va togʻli hududlarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor), baʼzi joylarda kuchli boʻladi.

21-23-oktyabrda respublika boʻyicha shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi mumkin.

22-23-oktyabrda Oʻzbekistonning ayrim viloyatlariga tuman tushishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?