Jondorda yana toʻrtta bogʻcha ish boshladi

16:06 16 Avgust 2019 Jamiyat
722 0

Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yilligi arafasida yurtimizning barcha goʻshalarida boʻlgani kabi viloyatimizda ham koʻplab madaniy-maishiy inshootlar, taʼlim va tibbiyot muassasalari, zamonaviy uy-joylar qurilib, mavjudlari zamon talablari asosida taʼmirlanib, foydalanishga topshirilmoqda. Jumladan, eng ulugʻ, eng aziz ayyom Jondor tumani aholisi va bolajonlar uchun qoʻshaloq shodiyonaga aylanmoqda. Boisi, bayram arafasida tumanda bir emas, toʻrtta bogʻcha yangi qiyofa va shart-sharoitlarda ish boshladi. Bu haqda Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hududdagi 28-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti davlatimiz rahbarining “2018-yilda maktabgacha taʼlim muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash manzilli dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Investitsiya dasturi doirasida kapital rekonstuksiya qilindi. Shu paytgacha 50 oʻringa moʻljallangan bogʻcha kapital rekonstruksiyadan soʻng 90 nafar bolani qabul qilish quvvatiga ega boʻldi. Muassasa shunga mos yumshoq va qattiq mebellar, tibbiy asbob-uskunalar, musiqa asboblari, oʻyinchoqlar va boshqa jihozlar bilan taʼminlandi. “Obod Oʻlka qurilish” MCHJ bunyodkorlari tomonidan olib borilgan qurilish-taʼmirlash ishlariga 2,5 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi.

Oʻtgan asrning 70-yillarida qurilgan 31-maktabgacha taʼlim muassasasi ham zamonaviy binoga koʻchib oʻtdi.

Investitsiya dasturiga muvofiq, davlat byudjetidan 2 milliard 400 million soʻm mablagʻ sarflangan binoda barcha qulayliklar mavjud. Yangilangan maktabgacha taʼlim muassasasida 70 nafar oʻgʻil-qiz tarbiyalanish imkoniyati paydo boʻldi. Endilikda bu yerda ingliz, rus tillarini oʻrgatish, musiqa va rasm chizish mashgʻulotlari taʼlim meʼyorlari talablari darajasida olib boriladi. Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur bogʻchaning xonalari milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va bolalikdan kitob oʻqishga qiziqishni uygʻotuvchi oʻquv-metodik, didaktik oʻyinlar va oʻyinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan jihozlangan.

Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida tumandagi 34-va 36-maktabgacha taʼlim tashkilotlari ham zamoanaviy koʻrinishga keltirildi. Muassasalarda alohida ovqatlanish xonasi, yotoqxona, ota-onalar va bolalar uchun kutubxona barcha qulayliklarga ega. Mashgʻulotlar olib borish uchun turli guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bundan tashqari, choʻmilish havzasi, sport maydonchasi hamda oʻyingoh zamonaviy kompleks asosida bolajonlar ixtiyoriga topshirildi. Mazkur maqsadlar uchun qariyb 10 mlrd soʻm mablagʻ sarflandi. Qamrov quvvati 240 tadan 340 oʻringa yetkazildi.

Muassasalarning ochilish marosimida ishtirok etganlar ushbu maskanlar ertamiz egalarining har tomonlama kamolga yetishlarida muhim omil vazifasini oʻtashini alohida taʼkidlashdi.

Bularning barchasi farzandlarimizni har tomonlama sogʻlom va barkamol etib tarbiyalash, ularning zamonaviy bilimlarni puxta oʻzlashtirishi uchun mustahkam poydevor vazifasini oʻtaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?