Jo‘mrakdan oqayotgan suv

15:57 10 Noyabr 2021 Jamiyat
314 0

Dunyo olimlari sayyoramiz aholisi juda ko‘p global muammolar bilan yuzma-yuz bo‘lishini taʼkidlab, bu borada toza ichimlik suvi tanqisligi eng og‘riqli masalaga aylanishini alohida eʼtirof etishi bejiz emas. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2030 yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish dasturida yaqin kelajakda insoniyat hayotiga tahdid qiluvchi 17 ta xavf-xatar qatorida toza ichimlik suvi muammosi ham qayd etilgan.

Maʼlumotlarga qaraganda, bugun dunyoda 2 mlrd. odam toza ichimlik suvidan bebahra yashaydi. Har yili sayyoramizda 1 mlrd. 2 mln. inson suv tanqisligidan turli kasalliklarga chalinadi.

“Farg‘ona suv taʼminoti” MCHJ mutaxassislarining aytishicha, ayni paytda Farg‘ona viloyatida markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik holati 69 foiz, tarmoqlarning eskirganlik holati 33,4 foizni tashkil etmoqda.

2022-2026 yillarda Farg‘ona viloyatida ichimlik suv taʼminoti va oqova suv tizimlarini yaxshilash maqsadida davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 509,7 mlrd. so‘m, xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari evaziga 194 mln. dollar yo‘naltirilishi mo‘ljallanmoqda. Natijada 635,2 km ichimlik suv tarmoqlari, 69 ta ichimlik suv inshootlari quriladi.

2022 yilning o‘zida viloyat bo‘yicha 10 ta obyektda qariyb 96 kmdan ortiq uzunlikda ichimlik suv tarmoqlari, 10 ta ichimlik suv inshootlari barpo etish uchun davlat byudjetidan 81,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish belgilangan. Shu tariqa kelgusi yil yakunida viloyat aholisining ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 77 foizga yetkaziladi.

So‘x tumani viloyatning ichimlik suv taʼminoti eng og‘ir hududlari sirasiga kiradi. Shu bois kelgusi yilning o‘zida So‘xda ichimlik suv taʼminotini 30 foizdan 100 foizga yetkazish ustuvor vazifa sifatida belgilanmoqda.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Farg‘ona viloyatining bosh kentlari, hududlarda barpo etilayotgan yangi mavzelar, ko‘p qavatli uylarda tomorqa yer maydonlarini sug‘orishda, xizmat ko‘rsatish sohalari, oilaviy yumushlarda toza ichimlik suvini isrof qilish holatlari ko‘p kuzatiladi. Ayni paytda baʼzi qishloq va mahallalarda esa hamyurtlarimiz haligacha toza ichimlik suvini qo‘shni hududlardan tashib ichishga majbur. o‘rni kelganda, hali suv tejash va bu tabiiy neʼmatdan oqilona foydalanish, isteʼmolchilik madaniyati borasida maqtana olmasligimizni aytib o‘tish o‘rinlidir. “Farg‘ona suv taʼminoti” MCHJ tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga ko‘ra, Toshloq, Yozyovon, Farg‘ona tumanlari, Quvasoy shahrida aholining ichimlik suvi isteʼmoli bo‘yicha qarzdorligi yildan-yilga ortib bormoqda.

Xo‘sh, uyingizda jo‘mrakdan oqayotgan suv birdan to‘xtab qolsa, nima qilasiz? Suvsiz yashab bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Unda nega tiriklik manbai bo‘lgan bu neʼmatdan tejamkorlik bilan foydalanishni hanuz o‘rgana olmayapmiz?   

                                                                               

 Botir Madiyorov, “Xalq so‘zi”.  

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?