Jomboydagi kinoteatr yangi qiyofada foydalanishga topshirildi

15:37 15 Avgust 2022 Jamiyat
197 0

Foto: Xalq so‘zi

Samarqand viloyati Jomboy tumanidagi “Zarafshon” kinoteatri 1976-yilda barpo etilgan boʻlib, oʻz vaqtida hudud aholisi uchun madaniy-maʼrifiy maskan sifatida xizmat qilgan. Keyinchalik qarovsiz qolgan bu dargoh soʻnggi oʻn yillarda faoliyat yuritmay qoʻydi.

Yaqinda ushbu kinoteatr qariyb 1 milliard soʻmlik mablagʻ evaziga rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofaga keltirildi. Yorugʻ va keng foye, 200 oʻrinli tomoshalar zali yangicha koʻrinish kasb etdi. Eʼtiborlisi, majmua nafaqat kino, balki spektakllar namoyishi uchun ham zarur sharoitlarga ega boʻldi.

Kinoteatrning ochilish marosimida sanʼat ixlosmandlari, nuroniylar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari xalqimiz madaniy-estetik didini yuksaltirishda bunday maskanlarning oʻrni va ahamiyatini alohida taʼkidladilar.

— Prezidentimizning joriy yil fevral oyidagi tumanimizga tashrifi davomida ushbu madaniyat oʻchogʻini qayta tiklash gʻoyasi ilgari surilgan edi, — deydi Jomboy tuman hokimi Qayum Sobirov. — Davlatimiz rahbari ushbu taklifni qoʻllab-quvvatladi. Shu tariqa kinoteatr binosi davlat-xususiy sheriklik tartibida rekonstruksiya qilinib, yana oʻz faoliyatni boshladi.

Kinoteatrning ilk ish kunida “Oʻzbekkino” milliy agentligi tomonidan suratga olingan “Afv” hamda Kattaqoʻrgʻon shahar drama teatri ijodkorlari sahnalashtirgan “Qaltis qadam” spektakli namoyish etildi.

Endilikda mazkur sanʼat dargohida kino va spektakllar namoyishi muntazam davom etadi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?