Jomboyda yurtimizda uchramaydigan 65 xil mevali daraxt koʻchatlari parvarishlanmoqda.

11:33 16 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
233 0

Jomboy tumanidagi “Bogʻbon” agrokompleksida tashkil qilingan “In vitro” laboratoriyasida mevali va manzarali daraxt koʻchatlari zamonaviy texnologiyalar asosida vegetativ usulda yetishtirilmoqda.

Umumiy qiymati 2,5 million AQSH dollari boʻlgan loyihaning amalga oshirilishi natijasida shu paytgacha xorijdan olib kelingan mevali va manzarali daraxt koʻchatlari mahalliy sharoitda tayyorlanyapti. Turkiya, Xitoy, Erondan davlatlarining zamonaviy asbob uskunalari oʻrnatilgan mazkur laboratoriyaning ishga tushirilishi 80 ta yangi ish oʻrni yaratilishiga zamin yaratdi.

Laboratoriya uchun 24,04 gektar yer maydoni ajratilgan. Shundan 0,24 gektar yer maydonida laboratoriya, 1 gektar maydonda zamonaviy issiqxona faoliyat yuritmoqda. 22 gektar yer maydonida esa Oʻzbekiston Respublikasida uchramaydigan 65 xil mevali daraxtlar koʻchatlari olib kelinib parvarish qilinmoqda.

Xususan, bu yerda yongʻoq, bodom, shaftoli, oʻrik, behi va hurmo kabi mevali daraxtlarning turli kasallik va zararkunandalardan holi boʻlgan hamda qurgʻoqchilikka chidamli, mahalliy iqlim sharoitiga mos navlarining koʻchatlari yetishtiriladi.

— Faoliyatimizni boshlagan davrda xorijdan olib kelingan koʻchatlarimizning har bir donasining tannarxi 5 dollardan 20 dollargacha yetgan, — deydi “In vitro” laboratoriyasi rahbari Ilyos Haydarov. — Ayni paytda biz yetishtirayotgan koʻchatlar 3-3,5 dollar qiymatga ega boʻlmoqda. Eng muhimi, bogʻdorchilik bilan shugʻullanish niyatida kelgan xaridorlarning samarali faoliyat yuritishlari uchun ularning tuproq sharoitini oʻrganib, yerga mos koʻchatlarni tavsiya qilamiz. Buning uchun tuproq tashxislash laboratoriyamiz ham tashkil qilingan.

Darvoqe bu yerda Samarqand Veterinariya meditsinasi instituti, Samarqand Davlat Universiteti, Toshkent davlat agrar univesiteti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genomika va Bioinformaftika Markazi bilan yaqin hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Laboratoriya qoshida agrokimyo va tuproqshunoslik laboratoriyasi ishga tushirilib, uyushma aʼzolari tomonidan keltirilgan tuproq, suv va barg namunalari toʻliq tahlil qilinmoqda. Mazkur laboratoriyada tuproqning 15 xil kimyoviy koʻrsatkichlari tahlil qilinadi.

Laboratoriyaning yillik ishlab chiqarish quvvati 15 milliondan 20 million donagacha payvandtag, payvandlangan koʻchatlar yetishtirish imkonini beradi. Joriy yilning oʻtgan davrida 4 milliondan 6 million tupgacha koʻchat tayyorlandi. Bu koʻrsatkich 2021-2022-yilga borib 20 millionga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Ayni paytda qoʻshni Turkmaniston, Afgʻoniston, Qirgʻiz Respublikalaridan buyurtmalar kelib tushmoqda. 2023-yildan laboratoriyada yetishtirilgan koʻchatlarni eksportga chiqarish rejalashtirilgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?