Jomboyda 7 ming tonnadan ortiq meva mahsulotlari eksportga chiqarildi

10:10 17 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
218 0

Bugungi kunda Jomboy tumandagi mavjud 19 ming 650 gektar sugʻoriladigan yer maydonlarining 11 ming 235 gektarida boshoqli don ekinlari,1 ming 203 gektar yerda paxta, 3 ming 331 gektarida sabzavot, 170 gektarida kartoshka va boshqa qishloq xoʻjaligi ekinlari parvarishlanmoqda.

— 2020-yil davomida 78 ming 870 tonna gʻalla, 92 ming 283 tonna sabzavot, 26 ming 601 tonna kartoshka, 1 ming 230 tonna poliz mahsulotlari yetishtirildi, — deydi tuman hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Akbar Ikromov. — Shuningdek, mavjud 3 ming 502 gektar yerdagi bogʻdan 28 ming 944 tonna sifatli hosil yigʻishtirib olingan boʻlib, 7 ming tonnadan ortiq meva mahsulotlari eksportga chiqarildi.

Jomboy tumanidagi «Beshbola agro VEK» fermer xoʻjaligiga qarashli 308 gektar maydonda ayni kunlarda toʻqsonbosti ekinlari parvarish qilinmoqda. Bu yerda yetishtirilayotgan karam, gulkaram, porey piyozi va koʻkatlarning asosiy qismi xorijga eksport qilinadi. Hosildor navlar ekilgani bois qish va bahor oylarida ham mahsulot olish imkoni mavjud. 20 gektar maydonga ekilgan gulkaram hosil berishni boshlagan.

Ayni kunlarda qovoqcha, oshqovoq, bulgʻor qalampiri, koʻkat yetishtirish uchun 25 gektar yer maydoni tayyorlanyapti.

Hozirda xoʻjalikda porey piyozini parvarish qilish ishlari boshlab yuborilgan. Bu piyoz navi Kanada, Germaniya, Xitoy kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

Porey piyozini sotib olish uchun Qozogʻiston, Rossiya va AQSHlik tadbirkorlar ham qiziqish bildirgan.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?