Jo Bayden dunyo yangi murakkab sovuq urushga yaqin ekaniga ishonmaydi

21:47 18 Sentyabr 2022 Dunyo
678 0

Foto: AP

AQSH prezidenti Jo Bayden dunyo hozir yangi, yanada murakkab sovuq urushga yaqin ekaniga ishonmaydi. Bu haqda Amerika yetakchisi “CBS” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.

Jurnalist Baydendan Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpinning Samarqandda boʻlib oʻtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuviga izoh berishni soʻradi. Yaʼni, CBS xodimi AQSH prezidentidan “Bu yangi, murakkabroq sovuq urushmi?”, deb soʻradi.

“Yoʻq, men buni yangi, murakkabroq sovuq urush deb oʻylamayman”, dedi Bayden bunga javoban.

Uning qoʻshimcha qilishicha, Rossiya va Xitoy yetakchilarining avvalgi uchrashuvi joriy yilning fevral oyida Putin Pekinga XXIV Qishki Olimpiya oʻyinlarining ochilish marosimiga tashrif buyurganida boʻlib oʻtgan edi.

“Koʻp oʻtmay, men Xitoy rahbariga qoʻngʻiroq qildim va unga agar siz Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni buzganingizni hisobga olib, amerikaliklar va boshqalar Xitoyga sarmoya kiritishda davom etadi, deb oʻylayotgan boʻlsangiz, menimcha, siz juda katta xatoga yoʻl qoʻygansiz, ammo qaror sizniki, dedim. Hozircha ular Rossiyaga qurol yoki boshqa narsalarni yuborayotgani haqida hech qanday dalil yoʻq”, dedi AQSH prezidenti.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?