Jizzaxning Yangiobod tumanida IT markazi ish boshladi

12:16 18 Oktyabr 2021 Jamiyat
224 0

Foto: Tolibjon Ergashev / Xalq so'zi

Aholi, ayniqsa, oʻsib kelayotgan yosh avlodning zamonaviy kompyuter texnologiyalariga boʻlgan qiziqishini qoʻllab-quvvatlash, bu borada bilim va koʻnikmalarini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida Jizzax viloyatining kenja tumani – Yangiobodda yangi IT markazi qurilib foydalanishga topshirildi.

– Men yurtingizda axborot texnologiyalari qadamma-qadam rivojlanayotganini, yoshlaringizda bu sohaga qiziqish ortayotganini kuzatmoqdaman, - deydi IT Park Jizzax filial loyihasi koordinatori, hindistonlik mutaxassis Jayaram Partasarti. – Dunyo davlatlari oʻz taraqqiyot yoʻlida axborot texnologiyalari sohasini yanada koʻproq tadbiq qilish, uning imkoniyatlaridan koʻproq foydalanish va yoshlarni shu sohaga jalb qilishga alohida urgʻu bermoqda. Bugun ushbu togʻli tuman markazida ochilgan markaz ham yurtingizda IT rivojiga katta eʼtibor qaratilayotganini tasdiqlaydi.

IT markaz uchta zamonaviy oʻquv xonaga ega boʻlib, unda bir paytda 30 nafar oʻquvchi bilim olish imkoniyatiga ega. Xonalar soʻnggi rusumdagi kompyuterlar jamlanmasi va yuqori tezlikdagi internet bilan taʼminlangan. Hozirda bu yerda kompyuter savodxonligi, dasturlash, grafik dizayn, kibersport yoʻnalishlarida mashgʻulotlar yoʻlga qoʻyildi.

Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?