«Jizzaxga yetguncha kamida 3-4 ta avariya. Eng rasvo yoʻllar Oʻzbekistonda» — Alisher Qodirov

17:05 06 Aprel 2021 Siyosat
892 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi “Hukumat soati” oʻtkazildi. 

Unda deputatlar Oʻzbekistondagi avtomobil yoʻllarining holati hamda zamonaviy avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish va qurish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar masalasi muhokama qilindi. 

Muhokama soʻnggida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov oʻz mulohazalarini bildirib oʻtdi.

«Men bugungi tadbirdan yetarli darajada xulosa qilish uchun ishlay oldik deya ayta olmayman. 

Bizning mahalliy kengash deputatlari 27ta xalqaro yuk tashuvchi avtomashina haydovchilari bilan soʻrovnoma oʻtkazdi, yuzma-yuz gaplashdi. ular bir narsani ochiq-oydin aytishyapti «Biz Oʻzbekistonga kelguncha 3-4ta davlatdan oʻtib kelamiz va eng rasvo yoʻllar Oʻzbekistonniki» deyishyapti. Tojikiston, Turkmaniston, Qozogʻistondan oʻtgan haydovchilar Oʻzbekistonning yoʻli har doim ular uchun eng noqulay va qiyin yoʻl boʻlganini aytyapti. Bu endi amaliyot, biz mutaxassis emasmiz. 

Afsuski, haqiqat shundan iborat. Biz buni surishtirdik, nima uchun bunaqa? Tojikiston xitoylik investorlar bilan hamkorlikda yoʻllarni qurgan. Biz esa oʻzimiz quramiz deb bitta yoʻlni 3-4-marta quryapmiz. 

Masalan, M-39 yoʻlda deyarli 10 yildan beri qatnayotgan boʻlsak Toshkentdan chiqib Jizzaxga yetib olguncha kamida 3-4ta avariya holatlari yuzaga keladi shaxsan oʻzimda. Kechqurun-ku umuman yoʻlda yurish haqida oʻylash kerak emas, hayot uchun xavfli.

Biz yoʻllarni yoritish haqida umuman gaplashmayapmiz, vazirning hisobotida ham bu haqda gap boʻlgani yoʻq. Yoʻllarning notekisligi, M-39da “suzib” boriladi, chuqurlarga tushmay qolish, avtomobil balonlarini almashtirmaslik ehtimoli haqida gap boʻlishi mumkin emas.

Biz bugungi suhbatdan qoniqmadik. Yoʻllar muammosini bartaraf qilish uchun jiddiyroq ish olib borishimiz kerak. Faqatgina nazariy javoblar bilan bu narsani yecha olmaymiz, 30 yildan beri yecha olmadik. Oʻzbekistondagi yoʻllar talabga javob bermaydi.

Ehtimol, buni xorijiy sarmoyadorga berishimiz kerakdir», dedi Alisher Qodirov.

Inobat AHATOVA,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?