Jizzaxda Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi sayyor majlisi boʻlib oʻtdi

16:11 27 Fevral 2024 Siyosat
109 0

Joriy yil 27-fevral kuni Oliy Majlis Senati Kengashining Jizzax viloyatida navbatdagi sayyor majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Majlisda parlament nazorati doirasida Senat ishchi guruhi tomonidan joriy yilning 12-14-fevral kunlari oʻtkazilgan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosini oʻrganish natijalari atroflicha muhokama qilindi.

Taʼkidlash joizki, soʻnggi 7-yilda Jizzax viloyati hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 13 ta farmon va qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 40 ga yaqin qarorlari qabul qilindi.

Ushbu davrda qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalar jalb qilinib, 3,5 mingta yangi korxona ishga tushirilgan. Bu orqali 46,9 mingta doimiy ish oʻrni yaratilgan, mahalliy byudjetda 1,1 trln soʻmdan ziyod qoʻshimcha manba mablagʻlari shakllantirilib, hudud ixtiyorida qoldirilgan.

Viloyat iqtisodiyotidagi oʻsish surʼatini birgina 2023-yil misolida koʻrib chiqadigan boʻlsak, oʻtgan yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 33,3 trln soʻmni tashkil etib, 2022-yilga nisbatan 105 foizga oʻsgan. Shuningdek, oʻsish sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmatlar va qurilish sohalarida ham taʼminlangan.

Investitsiya dasturlari doirasida 760 mln dollarlik 700 dan ziyod loyihalar ishga tushirilishi natijasida 10 ming ish oʻrni yaratilgan. 684,5 mln dollarlik yoki 2022-yilga nisbatan qariyb 1,7 barobarga koʻp toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya va kreditlar oʻzlashtirilgan.

Iqtisodiy faollikning oshishi natijasida qariyb 4,4 ming yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan subyektlar soni 16,7 mingdan oshgan.

Aholini ish bilan taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilganligi natijasida 157,5 ming kishi doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish oʻrinlariga joylashtirilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar hududda amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga hal etilishi lozim boʻlgan masalalarga ham toʻxtalib oʻtdi.

Doʻstlik va Zarbdor tumanlarida boʻsh turgan davlat obyektlariga tadbirkorlarni jalb qilgan holda yangi ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyektlarini tashkil qilish ishlari sust tashkil qilingan.

Eksport prognoz koʻrsatkichlari Zafarobod va Yangiobod tumanlarida 30 foizga ham bajarilmagan.

Viloyat hududlarida tashkil etilgan yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining bosh rejasi bugungi kunga qadar ishlab chiqilmagan. Shuningdek, sanoat zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash boʻyicha oʻz yechimini kutib turgan masalalar mavjud.

Majlisda senatorlar tomonidan mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Aholining ehtiyojmand qatlamini, jumladan “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan aholining muammolarini “xonadonbay” hal etish boʻyicha ishlarni tizimli ravishda davom ettirish, oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy kelishuvlar boʻyicha tasdiqlangan “yoʻl xaritalari” ijrosini samarali amalga oshirilishini taʼminlash shular jumlasidandir.

Shuningdek, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlari har oyda dasturlar doirasida belgilangan topshiriqlar ijrosiga masʼul idoralarning amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitishi, bu borada masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan mutasaddilarga nisbatan taʼsirchan choralar koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.

Muhokama yakunida Senat Kengashining oʻz yechimini kutib turgan muammoli masalalarni bartaraf etish va kelgusida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining ijrosini samarali tashkil etish boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash yuzasidan tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?