Jizzaxda aholi tomorqalarini rivojlantirishga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi

18:37 02 Dekabr 2020 Jamiyat
305 0

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi tomonidan OʼzLiDeP Jizzax viloyat Kengashi bilan hamkorlikda Zomin va Gʻallaorol tumanlarida tomorqalardan samarali foydalanish yuzasidan amaliy seminarlar tashkil etildi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov, joylardagi sektor rahbarlari, soha mutaxassislari, deputatlar, mahalla raislari va ularning tomorqa masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, mahalla ahli ishtirok etgan mazkur seminarlarda ayni kunlarda toʻqsonbosti ekinlarini ekish, aholi tomorqalarida issiqxonalar qurishni jadallashtirish, urugʻ, koʻchat yetkazib berish, samarali ish tajribalarini ommalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli dolzarb masalalardan biriga aylangan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish oʻta muhim hisoblanadi. Taʼkidlash lozimki, bu borada joylarda bir qator diqqatga sazovor ishlar amalga oshirilmoqda.

Bunga dastlab Zomin tumanidagi “Oqtepa” mahallasida istiqomat qiluvchi Gʻayrat Abduraimov xonadoniga tashrif buyurgan seminar ishtirokchilari ham guvoh boʻlishdi. Maʼlumotlarga qaraganda, tumanda 128.8 gektar aholi tomorqasiga piyoz va sarimsoqpiyoz ekinlari ekilgan. 334.3 gektar tomorqa yer maydonlariga toʻqsonbosti usulida sabzavot ekinlari ekilishi belgilangan boʻlib, ayni paytda 181.5 gektar sabzavot ekinlari ekilishi taʼminlangan. Aholi tomorqalarida 41 ta 1-1,5 sotixli ixcham issiqxonalar qurib bitkazilgan. “Bir mahalla – bir mahsulot tamoyili” asosida joriy yilda tumandagi 10 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari xonadonlarini muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirish, ikki va uch marta hosil olishni yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Seminar davomida tumanda 285 gektar aholi tomorqalariga toʻqsonbosti ekinlarini ekishni yakunlash, aholiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini arzon narxlarda “daladan doʻkongacha” tamoyili asosida yetkazib berish maqsadida Navoiy, Oʻzbekiston, Qoʻrgʻon, Gʻallakor MFYlarida jami 9 ta yengil konstruksiyali “dala doʻkonlari” va kichik hajmdagi muzlatkich omborlari qurish ishlarini tashkillashtirish masalalari muhokama qilinib, amaliy ishlar belgilab olindi.

Sharof Rashidov tumanidagi “Xolmoʻminov Zohid” fermer xoʻjaligi dalalarida davom etgan seminarda esa, yerning har bir qarichidan unumli foydalanish tajribasi bevosita fermer xoʻjaligi rahbari, OʼzLiDeP faoli, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Sharofat Noriyeva faoliyati misolida koʻrib chiqildi. Gulchilik, echkichilik, qoʻychilik, tovuqchilik, quyonchilik va boshqa sohalar faoliyatini yoʻlga qoʻygan fermer xoʻjaligida pandemiya sharoitida aholiga yordam berish maqsadida “Olmachi shunqorlari” ishlab chiqarish kooperativi tashkil etildi. Ayni paytda 17 gektardan oshiqroq maydonda 55 kishi 10 xildan oshiq ekin turlarini parvarish qilishmoqda. Seminar ishtirokchilari fermer faoliyati bilan tanishar ekanlar, nafaqat tomorqa balki chorva mollari, parrandachilik, quyonchilik bilan shugʻullanishni istagan aholi vakillariga ham yetarlicha imkoniyat yaratib berish mumkinligi masalasiga alohida eʼtibor qaratishdi.

Seminar soʻngida muhokama qilingan masalalar ijrosini taʼminlashda oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, tomorqachilikni rivojlantirish borasida yordam soʻrab qilingan har bir murojaatni eʼtibordan qoldirmaslik borasida aniq chora –tadbirlar kelishib olindi.
 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?