Jizzax iqtisodiyotini rivojlantirish imkoniyatlari tahlil qilindi

14:45 09 Aprel 2024 Siyosat
429 0

9-aprel kuni Zarbdor tumanida Jizzax viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu muloqot Ramazon hayiti arafasida oʻtayotganiga urgʻu berib, xalqimizni ushbu ulugʻ ayyom bilan tabrikladi.

Barcha hududlardagi kabi Jizzax viloyatida ham katta oʻzgarishlar boʻlayotgani qayd etildi. Soʻnggi yetti yilda viloyatga 5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 2 ming 500 ta yangi korxona ishga tushgan. Ularda 45 mingta doimiy ish oʻrinlari yaratilgan. Tadbirkorlar soni 2 karra koʻpaygan. Qishloq xoʻjaligidan sanoatga katta sakrash boʻlgan.

Lekin hali foydalanilmayotgan imkoniyatlar, dolzarb masalalar ham bor. Ayrim tumanlarda aholini barqaror ish va oylik bilan taʼminlaydigan oʻrta korxonalar kam. Viloyat sanoatining 80 foizi 3 ta tarmoq hissasiga toʻgʻri keladi. Yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmi yer maydonlariga yarasha emas.

Shu bois, tashrifdan oldin, iqtisodiy kompleks vakillari tumanlarni chuqur oʻrganib, viloyatda 57 ming ish oʻrni yaratish imkoniyatlarini chamaladi. Umuman, Jizzaxning 13 ta tumanida iqtisodiyotga turtki beradigan 100 ta imkoniyat va zaxiralar aniqlangan.

Yigʻilishda bu Zarbdor tumani misolida koʻrsatib oʻtildi. Masalan, tumandagi tijorat banklari mahalliy tadbirkorlar muammolarini hal qilib, faoliyatini kengaytirishga koʻmaklashadi. “Zarbdor tekstil” korxonasi quvvatlari oshiriladi. “Rivoj davr” fermer xoʻjaligi aholiga boʻlib berilgan yerlarda qovun yetishtirish va uni qayta ishlash orqali 28 million dollar eksport qilishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbari Jizzax viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish boʻyicha qator tashabbuslarni maʼlum qildi.

Viloyatda qishloq xoʻjaligi imkoniyatlari katta. Lekin eksport uchun yetarli mahsulot yoʻq. Shu bois ekinlarni koʻpaytirish boʻyicha yangicha tizim joriy qilinadi.

Xususan, banklar oʻziga biriktirilgan 309 ta mahallaga lider tadbirkorlarni topadi. Ular orqali aholiga tomorqada daromad topish uchun moliyaviy xizmat toʻplami qilib beriladi. Buning uchun banklar lider tadbirkorlarga aylanma uchun 3-yil muddatga 1,5 milliard soʻmgacha kreditlar ajratadi, byudjet hisobidan agronom jalb qilish, oʻqitish, mahallada yigʻish, saqlash va quritish punktlarini tashkil qilish uchun 1 milliard soʻmgacha grantlar beradi, “Oilaviy tadbirkorlik” dasturidan 33 million soʻmdan, “Biznesga birinchi qadam” dasturidan 17 million soʻmdan kredit ajratadi.

Tumanlarda bittadan yaxlit kontur tanlab olinib, jami 500 gektar maydonda bir xil mahsulot yetishtirish yoʻlga qoʻyiladi. Arnasoyda 16 sentnerdan kam hosil olinayotgan yerlar lotlarga boʻlinib, meva-sabzavot ekadiganlarga taklif qilinadi.

Bularning natijasida viloyatda meva-sabzavot yetishtirish hajmini ikki yilda 2 karra oshirib, 3 million tonnaga, keyinchalik 5 million tonnaga olib chiqish imkoniyati bor. Bu qayta ishlash va eksportni ham 2-3 barobar oshirishga zamin boʻladi.

Viloyatda kasanachilik asosida asalarichilikni rivojlantirish uchun imkoniyat ham, tadbirkorlar ham bor. Masalan, oʻrmon xoʻjaligi yerlariga asalari qutilarini joylash orqali mingta oilaning bandligini taʼminlash, 50 milliard soʻm qoʻshimcha daromad olish, 2 million dollar eksportga chiqarish mumkin. Shu bois Zomin tumanida asalarichilik markazi tashkil qilish, quti va jihozlar ishlab chiqarish, asalni qadoqlab, eksportga yuborish vazifalari belgilandi.

Yangiobod tumanidagi lalmi yerda oq piyoz yetishtirish, quritish, qadoqlash va muzlatgichli omborxonani qamrab olgan klaster tashkil qilish taklifi qoʻllab-quvvatlandi. Chorvachilik, baliqchilik va issiqxona xoʻjaligi uchun qulayliklar ham aytib oʻtildi.

“Janubiy Mirzachoʻl” va “Tuyatortar” kanallarini betonlash, nasoslar oʻrnatish qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlarni yanada kengaytiradi. Mutasaddilarga bu borada uch yillik dasturni amalga oshirish boʻyicha topshiriq berildi.

Sanoat rivoji uchun ham zaxirlar koʻp. Masalan, xitoylik investorlar Jizzaxda qurilish materiallari, kimyo, energetika, elektrotexnika, mashinasozlik, toʻqimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida 4 milliard dollarlik 22 ta loyiha taklifini bildirgan. Ularning natijasida sanoat 12 trillion soʻmga oʻsadi, 250 million dollar eksport imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun Zomin tumanida sanoat texnoparki tashkil etilib, 1 milliard dollar xorijiy investitsiya hisobiga 50 ta yangi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Zarbdor tumanining Shodlik mahallasida “Jizzax” sanoat zonasi filiali ochilib, 140 million dollarlik 15 ta yirik loyiha joylashtiriladi. Sharof Rashidov tumanidagi boʻsh turgan inshootda sanoat zonasi tashkil qilinib, elektrotexnika va charm sanoati boʻyicha korxonalar ishga tushiriladi.

Soʻnggi yillarda Jizzaxda avtomobilsozlik vujudga keldi. Kelgusi uch yilda 1 milliard dollar investitsiya hisobidan uning quvvatini yana 100 mingtaga oshirib, 10 mingta ish oʻrni ochish, mahalliylashtirish darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi. Paxta-toʻqimachilik tarmogʻida 220 million dollarlik 29 ta loyiha amalga oshirilishi aytildi.

Elektr jihozlari ishlab chiqaruvchi “Mono elektrik” korxonasi kasanachilik asosida koʻzi ojiz insonlarni ish bilan taʼminlash tashabbusi bilan chiqqan. Davlatimiz rahbari ushbu tashabbusni qoʻllab-quvvatlab, bu borada Jizzax tajribasini yoʻlga qoʻyish, shunday kasanachilik loyihalarini koʻpaytirish zarurligini taʼkidladi.

Aydar-Arnasoy koʻllari tizimida sayyohlar uchun sharoit yaratish, 10 ta madaniy meros maskanida “turizm halqasi” tashkil etib, ularga eltuvchi yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda uy-joy va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalariga ham eʼtibor qaratildi. Bu yil viloyatda 4 ming 500 xonadonli 118 ta uy-joy qurish reja qilingan.

Talab yuqori tumanlarda qoʻshimcha uylar qurish, Jizzax shahridagi perenatal markaz va koʻpriklarni taʼmirlash boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Umuman, Jizzaxda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, biznesni qoʻllab-quvvatlash, grantlar ajratish uchun qoʻshimcha 300 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan viloyat va tuman hokimlari, vazirlar axborot berdi. Videoaloqa orqali xorijdagi elchilar va tumanlar jamoatchiligi bilan muloqot boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер