Jirinovskiyning bu bayonotlari, hatto norasmiy boʻlsa ham, Rossiyaning xalqaro obroʻsiga zarar beradi — Qodirov

10:31 02 Sentyabr 2021 Siyosat
2404 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov rossiyalik siyosatchi Vladimir Jirinovskiyning bayonotlariga oʻz munosabatini bildirdi. U, jumladan, shunday deb yozadi:

Uinston Cherchill “... akkillagan laychalarning hammasiga tosh otaversang, manzilingga yetib borishing qiyinlashadi”, deganida Jirinovskiyga oʻxshaganlarni nazarda tutgan boʻlsa kerak. Cherchillning dono oʻgitiga quloq tutib, bu shaxsning soʻzlariga eʼtibor bermasdan oʻtib ketish toʻgʻri boʻlar edi, lekin qisqacha fikrimni bildirib qoʻyish zarar qilmaydi, deb oʻyladim:

Birinchidan, Jirinovskiyning bu bayonotlari, hatto norasmiy boʻlsa ham, Rossiyaning xalqaro obroʻsiga zarar beradi. Rossiyaning kam sonli hamkor mamlakatlari uchun ham, rivojlangan dunyo kabi, Rossiya bosqinchi va ikkiyuzlamachi davlat deya xavotirlanishlariga yoʻl ochadi;

Ikkinchidan, bugungi Rossiya Rus imperiyasini tiklash, boshqa hududlarni qoʻshib olish xaqida emas, tarqalib ketmaslik xaqida koʻproq bosh qotirayapti. Shu sababli, Jirinovskiyning bunday aljirashlariga rus rasmiy doiralari birinchi boʻlib munosabat bildirishlari kerak, deb oʻylayman;

Uchinchidan, soʻnggi vaqtlarda Rossiyadagi rasmiy doiralar Markaziy Osiyoda mahalliy ruslarga hurmatsizlik qilinayotgani sabab alohida subyektlarga sanksiyalar qoʻllashmoqda. Lekin boshqa millatlarga hurmatsizlik qilayotgan oʻz rasmiylariga nisbatan ovoz ham chiqarmayaptilar. Bu ikkiyuzlamachilik emasmi?

Markaziy Osiyoda yashayotgan rus vatandoshlarimizning mahalliy aholi bilan munosabati buzilishiga aynan shu kabi kaltabin bayonotlar sabab boʻlmoqda.

Menimcha, biz ham mamlakatimizga hurmatsizlik qilganlar uchun sanksiyalar joriy qilish xaqida oʻylab koʻrishimiz kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?