Jinoyatlar statistikasi boʻyicha salbiy koʻrsatkichga ega viloyatlar ochiqlandi

08:34 31 Iyul 2021 Jamiyat
186 0

Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

Unda qaayd etilishicha, 2021-yil 6 oyi mobaynida respublikada jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash borasida Ichki ishlar vazirligi tomonidan boshqa mutasaddi vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda bir qator samarali ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, 2021-yil 6 oyda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 95,3 foizi fosh etilgan, qidiruvdagi 1 833 nafar shaxs ushlangan. Bedarak yoʻqolgan 218 nafar shaxs topilgan. Ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan mazkur davrda 15 434 ta jinoyat aniqlangan.

Qayd etish lozimki, ichki ishlar organlari xodimlari tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar soni oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 71,4 foizga yaxshilangan.

Xususan, 2021-yil 6 oyida respublika miqyosida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga oʻrtacha 132 tadan toʻgʻri kelgan. Oʻtgan yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan.

Ushbu koʻrsatkich Toshkent shahriga 383,3 tadan, Fargʻona viloyatiga 223,4 tadan, Toshkent viloyatiga 168,4 tadan, Sirdaryo viloyatiga 151,4 tadan toʻgʻri kelib, respublika miqyosida salbiy koʻrsatkich qayd etilgan.

Oldi olinishi mumkin boʻlgan 217 ta qotillik, 4 137 ta tan jarohati yetkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta oʻgʻrilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Bundan tashqari, 6 mingga yaqin (5 837 nafar), ayniqsa, Andijon (1130), Toshkent (709), Fargʻona (602) viloyatlari va Toshkent shahrida (595) ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilib, joylarda aholining bandligini taʼminlash ishlari samarasiz tashkil etilganligidan dalolat beradi.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning oʻz vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning eʼtiboridan chetda qolganligi oqibatida oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021-yil 6 oyida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati yetkazish
bilan bogʻliq jinoyatlardir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?