Jazoni ijro etish koloniyasida ham saylov uchastkasi tashkil etildi

19:30 25 May 2023 Jamiyat
565 0

Foto: «Xalq so‘zi»

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 6-Namangan okrug saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida tuman (shahar) hokimliklari va ayrim tashkilotlarning taqdimnomalariga binoan okrug saylov komissiyasining saylov uchastkalarini tuzish hamda uchastka saylov komissiyasi raisi va a’zolari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ular tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘rib chiqildi. Ayni masala yuzasidan berilgan axborotlar, bildirilgan taklif va bayon etilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, okrug bo‘yicha 832 ta saylov uchastkasini tuzish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Komissiya yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasining o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan yangi tahrirdagi Saylov kodeksining 5-moddasi uchinchi qismiga binoan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilganligi, boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmasligiga alohida e’tibor qaratildi. Shundan kelib chiqib, saylov okrugida maxsus yangi saylov uchastkasi tashkil etildi. U Pop tumanidagi jazoni ijro etish koloniyasida faoliyat ko‘rsatadi. Bu, aytish lozimki, mamlakatimizda demokratik tamoyillar asosida ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-siyosiy munosabatlarning qonun yo‘li bilan muvofiqlashtirilayotganligi, inson huquqlari va qadrining ustuvor o‘rin kasb etayotganligi ifodasidir.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер