Deputatlar jarimalar oshirilishiga qarshi ovoz berdi

21:11 07 Aprel 2020 Siyosat
734 0

Illyustrativ foto

Parlament Qonunchilik palatasining shu yil 7-aprelda boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisi odatdagidan ham koʻproq munozaraga boy boʻldi. Bu, ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi yuzasidan kechgan muhokamalarda yaqqol namoyon boʻldi.

Gap shundaki, mamlakatimizda keyingi paytlarda avtotransport vositalari sonining keskin ortishi yoʻllarda tirbandliklarni yuzaga keltirib chiqarmoqda. Shu bilan birga, mazkur holat tez tibbiy yordam yoki yongʻin xavfsizligini taʼminlash xizmatlarining maxsus avtotransportlarining tezlikda manzilga yetib borishida qiyinchiliklar tugʻdirmoqda.

Qonun loyihasi tashabbuskori — Ichki ishlar vazirligi tomonidan izohlanishicha, bu tez tibbiy yordam xizmatining maxsus transportlari chaqiruv manziliga yetib kelguniga qadar bemorlarning oʻlimi holati yuz berish koʻrsatkichlarining ortishiga sabab boʻlmoqda. Vazirlik keltirgan statistikada, shuningdek, maxsus avtotransport vositalariga toʻsiqsiz oʻtib ketishlari uchun yoʻl berilmagani oqibatida yongʻinlarni oʻchirishga ham kechikib borilayotgani bayon qilingan.

Ana shularni hisobga olingan holda ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasida Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1285-moddasiga haydovchilarning koʻk yoki koʻk va qizil rangli yalt-yalt etuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli transport vositalariga xalaqit bergani uchun javobgarlik kiritilmoqda.

Shuningdek, tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga yoʻl bermaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka oid yagona huquqni qoʻllash amaliyotini shakllantirish hamda ushbu sohadagi maʼmuriy ish yurituv jarayonida qonuniylik va odillik prinsiplarini roʻyobga chiqarish maqsadida tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalariga toʻsiqsiz oʻtib ketishi uchun majburan qoida buzib, yoʻl bergan transport vositalari haydovchilarini Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks 171, 271-moddalariga asosan javobgarlikdan ozod qilish toʻgʻrisida qoida kiritish taklif etilgan.

Muhokamalar chogʻida deputatlar loyihaning konsepsiyasini toʻliq qoʻllab-quvvatlagan holda, ayrim eʼtirozlarini bildirdilar. Masalan, avvalboshida — fraksiyalar yigʻilishlarida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi aʼzolari Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 1285-moddasiga kiritilishi koʻzda tutilgan oʻzgarish — tezkor va maxsus xizmat transport vositalarini toʻsiqsiz oʻtib ketishiga xalaqit qilinsa, jarimaning amaldagi 5 barobar bazaviy hisoblash miqdorini 10 barobargacha koʻtarish, shu holat takroran sodir etilsa, amaldagi 20 bazaviy hisoblash miqdorini 25 barobarga koʻtarish taklifiga keskin qarshi chiqdilar.

Ularning fikricha, tashabbuskorlar tomonidan namuna qilib keltirilgan xorijiy davlatlarda tezkor va maxsus xizmat transport vositalari — tez yordam, oʻt oʻchirish, xuquqbuzarlikni bartaraf etish maqsadida harakatlanayotgan transportlar uchun yoʻllarning maxsus qismlari mavjud. Mamlakatimizda yoʻl infratuzilmasini yaxshilab, yetarlicha sharoit yaratmasdan, avtoyoʻllarni zamonaviy talablarga moslashtirmasdan turib, haydovchilarni jazolash, jarimalarni oshirish maqsadga muvofiq emas. Qolaversa, jarimalar miqdorini oshirish yoʻli bilan muammoni hal etib boʻlmaydi.

Qizgʻin kechgan muhokamalarda “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi aʼzolari fikrini qoʻllab-quvvatlagan boshqa deputatlar ham mazkur qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual jihatdan maʼqullagan boʻlsalar-da, masalaning ayrim jihatlariga jiddiy eʼtiroz bildirdilar. Xususan, ular loyiha ikkinchi oʻqishda moddama-modda koʻrib chiqilishi jarayonida amaldagi jarima miqdorini oʻzgartirishsiz qoldirish lozim, degan qatʼiy fikrni ilgari surdilar.

Lekin Qonunchilik palatasi Reglamentiga muvofiq, dastlab qonun loyihasi tashabbuskori ilgari surgan taklif — 1285-moddasiga kiritilishi koʻzda tutilgan oʻzgarish, yaʼni, tezkor va maxsus xizmat transport vositalarini toʻsiqsiz oʻtib ketishiga xalaqit qilinsa, jarimaning amaldagi 5 barobar bazaviy hisoblash miqdorini 10 barobargacha koʻtarish, shu holat takroran sodir etilsa, amaldagi 20 bazaviy hisoblash miqdorini 25 barobarga koʻtarish taklifi birinchi boʻlib ovozga qoʻyildi. U yetarlicha ovoz toʻplay olmadi va qabul qilinmadi.

Soʻng “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi aʼzolari tomonidan fuqarolar manfaatini koʻzlab bildirilgan taklif ovozga qoʻyildi va qabul qilindi. Shu asnoda jarima miqdori oʻzgarishsiz qoldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?