Janubiy Fargʻona kanalidagi GES modernizatsiya qilindi

16:11 27 Avgust 2019 Jamiyat
1107 0

Mamlakatimizda elektr energiyasini ishlab chiqarishda GESlarning ishtiroki yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan bugungi kunda 30 yaqin investitsiya loyihalar asosida hududlarda yangi GESlarni qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilda Toshkent viloyatida quvvati 11,4 MVt.li “Tuyaboʻgʻiz” kichik GESi va Namangan viloyatida quvvati 12,0 MVt. boʻlgan “Katta Fargʻona kanali GESlar kaskadi” foydalanishga topshirildi.

2019-yil 27-avgust kuni Janubiy Fargʻona kanali 1-GESdaolib borilgan modernizatsiya jarayonlari yakunlari va GESning ishga tushirilishiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Shu oʻrinda Janubiy Fargʻona kanali 1-GES tarixiga nazar tashlasak. 1956-yili Janubiy Fargʻona kanalining oʻng qirgʻogʻida uning bosh toʻgʻoni qurilgan. Bosh toʻgʻonning vazifasi oqib kelayotgan suvni kerakli miqdorda derivatsiya kanali orqali GESga oʻtkazishdan iborat. Derivatsiya kanali esa soniyasiga 26 kubometr suv qabul qilish imkoniyatiga egadir.

Ushbu inshoot oxirgi marta 1978-1979-yillarda GES rekonstruksiya qilingan edi.

2018-yil yanvar oyida esa uni modernizatsiya qilish boshlanib, joriy yil avgust oyida muddatidan oldin yakuniga yetkazildi. Va mustaqillik bayramiga munosib tuhfa sifatida qayta foydalanishga topshirildi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 5,81 mln. AQSH dollarini tashkil etadi. Uni amalga oshirish uchun 2018-yilda eʼlon qilingan xalqaro tender savdolari gʻolibi “ENERGORESURS” MCHJ qoʻshma korxonasi bilan “Oʻzbekgidroenergo” AJ oʻrtasida umumiy qiymati 5,46 mln. AQSH dollariga teng shartnoma imzolangan. 

Shundan, shartnoma qiymatining 80 foizi yoki

4,37 mln. AQSH dollari Jahon banki mablagʻlari va qolgan 20 foizi(1,09 mln. AQSH dollari) “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan moliyalashtirildi.

Modernizatsiya qilishda zaruriy gidrotexnik asbob-uskunalar Xitoyning Hunan Allanward Hydro Generating Equipment CO., LTD kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi.

Amalga oshirilgan modernizatsiyaning asosiy maqsadi - GESning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatini oshirish, elektrotexnik, gidromexanik va gidrotexnik qurilmalarining ishonchli ishlashini taʼminlashdan iboratdir.

Loyihaning umumiy quvvati 2,2 MVt. boʻlib, yillik oʻrtacha

elektroenergiya ishlab chiqarish 17,1 mln. kVt/soatga teng.

GESni ishga tushirishga bagʻishlangan ochilish marosimida “Oʻzbekgidroenergo” AJ, Andijon viloyati hokimligi, tuman hokimligi, xorijiy va mahalliy hamkorlar, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida Buloqboshi tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 21 ta oila farzandlari uchun sunnat toʻylari qilib berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?