Janob hokim, bizga kitob olib bering

16:26 12 Fevral 2024 Jamiyat
326 0

Yaqinda Navoiy shahri hokimi Dilmurod Ergashev Navoiy Davlat pedagogika institutida boʻlib, ilm dargohining professor-oʻqituvchilari va talabalar bilan muloqot oʻtkazgan edi.

Uchrashuvda turli ijtimoiy, madaniy masalalar bilan birga talabalar tomonidan ayrim turdagi ilmiy va texnik adabiyotlar hamda badiiy kitoblarni topishga qiynalishayotganligi, lotin alifbosidagi adabiyotlar institut kutubxonalarida kamligi masalasini koʻtarib, shahar hokimidan kitob olib berishlarini soʻragan edi.

— Xizmat taqozosi bilan deyarli har kuni uchrashuv va muloqot oʻtkazaman, — dedi Navoiy shahar hokimi Dilmurod Ergashev. — Biroq shahar hokimi sifatidagi faoliyatimda “kitob olib bering”, degan murojaatga ilk marta duch kelayapman. Shu sabab bu murojaatni bajonu dil qabul qildim.

Kuni kecha shahar hokimi vaʼdasi ustidan chiqib, oʻz hisobidan 300 ga yaqin kitoblar jamlanmasini Navoiy Davlat pedagogika instituti kutubxonasiga topshirdi.

— Biz shahrimiz hokimidan nihoyatda minnatdormiz, — deydi murojaat muallifi, talaba Hulkar Joʻraqulova. — Shu bilan birga biz talabalar viloyatimizning turli hududlaridan ekanligimizni inobatga olib, boshqa tumanlarning rahbarlari ham institutimiz kutubxonasi fondining boyitishga oʻz hissasini qoʻshadilar, degan umiddamiz.

Chindan ham ilm dargohiga tuhfa etilgan kitoblar, erta-indin uning bitiruvchilari, boʻlgʻusi pedagoglar tafakkuri orqali yuzlab yoshlar qalbida ziyo sochishi tayin.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?