Jamshid Xodjayev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Botir Atdayev bilan uchrashuv oʻtkazdi

07:55 08 Sentyabr 2022 Siyosat
483 0

Joriy yilning 7-sentyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari Botir Atdayev bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuv davomida Turkmaniston Prezidentining joriy yilning iyul oyida Oʻzbekistonga davlat tashrifidan soʻng yangi dinamikaga ega boʻlgan ikki mamlakat oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanishi taʼkidlandi.

2021-yilda tovar aylanmasi 67 foizga oʻsib, 902 million dollarga yetgani qayd etildi. Joriy yilda bu koʻrsatkich yana 9 foizga oshib, 486 million dollarni tashkil etdi. Oʻzaro savdo hajmini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi.

Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida 2022-2025-yillarga moʻljallangan Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini amalga oshirishni nazarda tutgan holda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar, shuningdek, joriy yil oxirigacha savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-turkman Qoʻshma komissiyasining navbatdagi 17-yigʻilishini oʻtkazish imkoniyatini koʻrib chiqdilar.

Koʻzlangan aniq istiqbollar kesimida tomonlar delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibda hamkorlikni batafsil muhokama qildilar. Ushbu muloqotga ikki mamlakatning asosiy vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari taklif qilindi.

Tomonlar oʻzaro savdo hajmini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish uchun zarur chora-tadbirlar majmuini qabul qilishga oʻzaro tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi investitsiyalar sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Bugungi kunda Oʻzbekistonda Turkmaniston kapitali asosida tashkil topgan 173 ta korxona faoliyat koʻrsatmoqda, shundan 69 tasi qoʻshma va 104 tasi yuz foiz xorijiy kapitalga ega korxonadir. Ikki mamlakat hududida tayyor toʻqimachilik, farmatsevtika, qurilish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qoʻshma loyihalar sonini sezilarli darajada oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, yengil avtomobillar va qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etishga, shuningdek, Turkmanistonda maishiy texnika ishlab chiqarishni birgalikda yoʻlga qoʻyishga oʻzaro qiziqish bildirildi.

Transport va logistika aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi, bunda ikkala davlat hududida yuk tranzitini ragʻbatlantirish choralari, shuningdek, dengiz portlari imkoniyatlaridan foydalangan holda xalqaro transport yoʻlaklari boʻylab yuk tashishlarini tashkil etish nazarda tutildi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish maqsadida muhokama qilingan barcha yoʻnalishlar boʻyicha munosabatlarni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?