Jamshid Xodjayev Turkiya Respublikasi savdo vaziri Mehmet Mush bilan uchrashdi

22:18 02 Avgust 2022 Siyosat
419 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Turkiya Respublikasi savdo vaziri Mehmet Mush bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro savdoni faollashtirishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikr almashdilar.

Taʼkidlanishicha, soʻnggi besh yil ichida oʻzaro savdo hajmi ikki baravar oʻsdi va 2021-yilda 3,4 milliard dollarga etdi. Oʻzbekiston-Turkiya tovar ayirboshlash hajmini 2023-yilda 5 milliard dollarga, yaqin istiqbolda esa 10 milliard dollarga yetkazish maqsadida ushbu yoʻnalishdagi hamkorlikni davom ettirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

Shu nuqtayi nazardan, tomonlar yaqin kelajakda Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni ratifikatsiya qilish uchun uni kelishish jarayonini tezlashtirishga kelishib oldilar. Shuningdek, savdo toʻsiqlarini bartaraf etish, savdo operatsiyalarini amalga oshirishda bojxona tartib-qoidalarini soddalashtirish va ushbu sohada raqamli yechimlarni joriy etish boʻyicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.

Uchrashuv ishtirokchilari transport-logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdilar. Ikki mamlakat oʻrtasida avtomobil va havo transporti orqali yuk tashish koʻrsatkichlarining ijobiy dinamikasini hisobga olgan holda, tomonlar transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri va tranzit yuk tashish hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi toʻgʻrisida yakdil fikrga keldilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar eʼlon qilingan tashabbuslarni hayotga tatbiq etish boʻyicha navbatdagi saʼy-harakatlarni hamda koʻrib chiqilgan barcha yoʻnalishlar boʻyicha oʻzaro hamkorlik qilish yoʻllarini belgilab oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?