Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan uchrashuv oʻtkazdi

19:14 28 Noyabr 2022 Siyosat
300 0

Foto: Халқ сўзи

Joriy yilning 28-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih bilan videokonferensaloqa orqali uchrashuv oʻtkazdi. Yigʻilishda Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoni Podshohligiga tashrifi chogʻida imzolangan investitsiyaviy bitimlarni amalga oshirishning joriy holati va uni jadallashtirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Muzokaralarda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Tomonlar koʻp qirrali ikki tomonlama munosabatlar kun tartibini koʻrib chiqib, mavjud ijobiy dinamika ikki davlat rahbariyati oʻrtasidagi ishonchli munosabatlarga asoslanganligini taʼkidladilar. Shu nuqtayi nazardan erishilgan kelishuvlarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida hamkorlikni faollashtirishga tayyorlik bildirildi.

Energetika sohasida sarmoyaviy hamkorlikning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Hozirda ACWA Power kompaniyasi umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ortiq boʻlgan 5 ta loyihani amalga oshirmoqda. Loyihalarni joriy etishni jadallashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish, shuningdek, qayta tiklanadigan va vodorod energetikasini rivojlantirishni oʻz ichiga olgan 10 milliard dollarlik yangi investitsiya dasturini ishlab chiqishni maromiga yetkazish boʻyicha kelishuvga erishildi.

1 milliard 310 million dollarlik MTP texnologiyasi asosida metanoldan propilen ishlab chiqarishni tashkil etishni nazarda tutgan holda kimyo tarmogʻida investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha ishlarning borishi koʻrib chiqildi. Joriy yilning dekabr oyida loyihaning texnik va texnologik parametrlarini ishlab chiqishni jadallashtirish maqsadida Saudiya Arabistoni kompaniyalari delegatsiyasining tashrif buyurishi rejalashtirildi.

Tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi ishlar ham xuddi shunday konstruktiv ruhda muhokama qilindi. Tomonlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 5 ta shifoxonani rekonstruksiya qilish, Al-Habib tibbiyot akademiyasini tashkil etish va farmatsevtika ishlab chiqarishini yoʻlga qoʻyish haqida fikr almashdilar. Saudiya tomoni barcha tayyorgarlik jarayonlarini amalga oshirish va loyiha hujjatlarini shakllantirishni tezlashtirish maqsadida mutaxassislar guruhini yuborishga tayyorligini bildirdi.

Muloqot chogʻida qishloq xoʻjaligi sohasidagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari ham koʻrib chiqildi. Iqlim sharoiti va tuproq sifatini oʻrganish boʻyicha chora-tadbirlar kelishib olindi. Tahlil natijalariga koʻra, Navoiy va Toshkent viloyatlarida 1,8 ming gektardan ortiq maydonda «Al Rajhi International» va «Ajlan & Bros» kompaniyalari mutaxassislari tomonidan ilgʻor tajriba va texnologiyalardan foydalangan holda ishlar boshlab yuboriladi.

Tomonlar Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamgʻarmasi bilan Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi oʻrtasida qoʻshma investitsiya loyihalarini birgalikda moliyalashtirish toʻgʻrisida Bitim tuzish, shuningdek, Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamgʻarmasi koʻmagida Oʻzbekistonda Indexga asoslangan aksiyadorlik jamgʻarmasini tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar.

Afgʻonistonda mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni, jumladan, Oʻzbekiston-Afgʻoniston-Pokiston temir yoʻl liniyasi va Surxon-Puli-Xumri elektr tarmogʻini qurishni amalga oshirishga Saudiya Arabistoni sarmoyalarini jalb qilish imkoniyatlari alohida koʻrib chiqildi.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muhokama qilingan barcha loyihalarni oʻz vaqtida hayotga tatbiq etish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер