Jamshid Xodjayev Rossiya Federatsiyasi Hukumati aʼzolari bilan muzokaralar oʻtkazdi

12:46 03 Sentyabr 2022 Siyosat
856 0

Joriy yilning 1-2-sentyabr kunlari Oʻzbekiston hukumati delegatsiyasining Rossiya Federatsiyasiga tashrifi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Rossiya Federatsiyasi Hukumati aʼzolari bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, shuningdek, transport va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi munosabatlarning hozirgi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuvlar va muzokaralar oʻtkazdi.

Shunday qilib, 1-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Denis Manturov bilan boʻlib oʻtgan muzokaralar chogʻida oʻzbek ishlab chiqaruvchilarining toʻqimachilik sanoati mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallarini Rossiya bozoriga etkazib berish hajmini oshirish imkoniyatlari birgalikda tahlil qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat korxonalari oʻrtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga qaratilgan qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoni batafsil koʻrib chiqildi.

Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Aleksey Overchuk bilan boʻlib oʻtgan suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoatda kooperatsiya aloqalarni mustahkamlash va Markaziy Osiyoda xalqaro transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Rossiya Federatsiyasining iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan uchrashuvda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishni koʻpaytirish, hududlararo hamkorlikni kengaytirish va oʻzbek-rossiya hamkorligining kun tartibidagi boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi. Tomonlar, shuningdek, joriy yilda boʻlib oʻtadigan ikki tomonlama tadbirlarni oʻtkazishni muhokama qilishdi.

2-sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining oʻrinbosari Viktoriya Abramchenko bilan boʻlib oʻtgan uchrashuv oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini oʻzaro etkazib berishni koʻpaytirish masalalariga bagʻishlandi. Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Oʻzbekiston Respublikasidan Rossiya Federatsiyasiga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti 2021-yilning shu davriga nisbatan 52 foizga oʻsib, 222,5 million dollarni tashkil etdi. Ushbu yoʻnalishda oʻzaro aloqalarni rivojlantirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, 1-2-sentyabr kunlari Energetika vazirligi, Rossiya Federatsiyasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Rossiya temir yoʻllari” OAJ rahbariyati, shuningdek Rossiyaning yirik kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda qishloq xoʻjaligi, Oʻrta Osiyoda transport-logistika kommunikatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, boshqa oʻzaro manfaatli masalalar boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?