Jamshid Xodjayev Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitayni qabul qildi

07:16 16 Noyabr 2022 Siyosat
368 0

Joriy yilning 15-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YETTB) Markaziy Osiyo boʻyicha boshqaruvchi direktori Jujanna Xargitay va YETTBning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinosni qabul qildi.

Uchrashuv davomida Bank vakillari tomonidan Oʻzbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlarning samaradorligi yuqori baholandi va energetika, infratuzilmani rivojlantirish, irrigatsiya va boshqa sohalardagi modernizatsiya jarayonlarini moliyaviy va texnik qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish niyati bildirildi.

YETTB uy-joy kommunal xoʻjaligi, energetika va suv taʼminotini yaxshilashga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda keng ishtirok etayotgani ham mamnuniyat bilan taʼkidlandi. 2018-yildan hozirgi kunga qadar YETTB ushbu sohalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Oʻzbekistonda 14 ta loyiha boʻyicha bitimlarni imzoladi. Bundan tashqari, Bankning yangi investitsiya portfeli qiymati 724 million dollardan oshadigan 7 loyihadan iborat.

Kelgusi tadbirlarni yuqori tashkiliy darajada va mazmun jihatidan boyitilgan tarzda tayyorlash va oʻtkazish doirasida ushbu maqsadda tashkil etilgan ishchi guruhlar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga kelishildi.

Suhbat davomida Bankning “Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi 118 ta nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish” loyihasini moliyalashtirish, qiymati 200 million dollar boʻlgan Oʻzbekistonning irrigatsiya sektorining institutsional tuzilishini mustahkamlash boʻyicha islohotlarni amalga oshirishga qiziqishi bildirildi. Ushbu loyihani birgalikda amalga oshirish boʻyicha Oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar joriy loyihalarni sifatli amalga oshirish va strategik sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ishlab chiqish doirasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?