Jamshid Xodjayev Eron Islom Respublikasi fan va innovatsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Suren Sattoriy bilan uchrashdi

22:25 19 Iyul 2022 Siyosat
966 0

Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Joriy yilning 19-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari-investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Eron Islom Respublikasi fan va innovatsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti Suren Sattoriy bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Eron savdo hamkorligining samaradorligi va oʻsish surʼatlari ijobiy baholandi. Jumladan, 2021-yilda tovar ayirboshlash hajmi 73% ga oshdi va 430 million dollardan koʻpaydi. 2022-yilning birinchi yarimida ushbu koʻrsatkich 239 million dollarga etdi. Oʻzaro manfaatli asosda yetkazib berilayotgan tovarlar va xizmatlar turlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida investitsiyaviy hamkorlikning hozirgi holati va uni kengaytirish istiqbollari koʻrib chiqildi. Ayni paytda Oʻzbekistonda Eron kapitali ishtirokidagi 366 korxona faoliyat koʻrsatmoqda. Oʻzaro mushtarak manfaatlar va davlat tomonidan koʻrsatilayotgan yordam aloqalarni kengaytirish, zamonaviy loyihalarni ishlab chiqish, yangi sanoat korxonalarini yaratish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratadi. Natijada, 2022-yilning 6 oyida mamlakatimizda Eron tomoni bilan hamkorlikda tashkil etilgan yana 69 ta yangi korxona roʻyxatga olindi.

Muloqot chogʻida tomonlar yangi loyihalarni ishlab chiqish, startaplarni qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish masalalariga ham toʻxtalib oʻtdilar.

Misol tariqasida, Eron tomoni er osti suvli qatlamlaridan suv olish va tozalash uchun yangi texnologiyalarni baham koʻrishga qiziqish bildirdi.

Meva-sabzavotchilik sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga qaratilgan qator hujjatlar kelishuvini jadallashtirish, shuningdek, paxtachilik va gʻallachilik yoʻnalishlari boʻyicha maxsus oʻquv kurslarini tashkil etishga kelishib olindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalda roʻyobga chiqarilishi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlar rivojiga qoʻshimcha turtki berishiga ishonch bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?