Jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri shakllantiriladi

08:06 12 Fevral 2022 Jamiyat
895 0

“Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–126-son, 10.02.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, jamoatchilik uchun ochiq boʻlgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri shakllantirilib, davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun masʼul davlat muassasasi hisoblanadi.

Respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvali ishlab chiqiladi hamda xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etiladi.

Qarorga koʻra, Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi tashkil etildi va Laboratoriya tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yoʻnalishlari (11 ta) tasdiqlandi.

Laboratoriya muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning arxiv fondlarida, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ularning buyurtmasi asosida taʼmirlash ishlarini amalga oshiradi.

2022/2023 oʻquv yilidan:

— Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi;

— Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib boriladi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Shuningdek, yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda maʼnaviy merosi haqidagi ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?