Jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish masalasi oʻrganildi. Natijalar qanday?
Illyustrativ surat
Oʻzbekistonning amaldagi qonunchiligida tamaki mahsulotlarini bevosita reklama qilish hamda bilvosita reklamaning ham baʼzi bir turlari taqiqlangan. Ammo, shunga qaramay, aynan taʼqiqlangan sohadan daromad olishni koʻzlayotganlar qonunchilikdagi ayrim zaif joylardan uddaburonlik bilan foydalanmoqda.
Masalan, 2020-yilning fevral oyida Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining faol aʼzosi boʻlgan “Ibn Sino” jamoat fondi tomonidan maktablar atrofida va jamoat joylarida tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish ustidan jamoatchilik monitoringini oʻtkazdi. Monitoring natijalari quyidagilarni koʻrsatdi:
- deyarli barcha savdo shoxobchalarida (94,8%) tamaki mahsulotlari peshtaxtalarga va boshqa savdo jihozlariga joylashtirib, namoyish etilgan;
- savdo joylarida tamaki mahsulotlari peshtaxtalarga qoʻyilgan hollarning yarmidan koʻpida (61,2%) ular oʻyinchoqlar va shirinliklar oldiga qoʻyilgan;
- savdo shoxobchalarining yarmidan ortigʻida (59,7%) tamaki mahsulotlarini joylashtirish uchun posterlar (maxsus javonlar)dan foydalanilgan;
- savdo shoxobchalari har beshtasining ikkitasida (38,1%) sigaretalarning kattalashtirilgan qutilaridan foydalanilgan;
- savdo shoxobchalarining deyarli yarmisida (46,3%) tamaki mahsulotlari joylashtirilgan peshtaxtalar yoritilgan;
- savdo shoxobchalari har beshtasining ikkitasida (37,3%) brend qoʻshimcha buyumlar (zajigalkalar kabi) sotilgan.
Shuningdek, monitoring jarayonida xaridlarni ragʻbatlantirishga doir quyidagi holatlar qayd etilgan: sovgʻalar (bepul yoki xaridga qoʻshimcha), chegirmalar, bepul tamaki mahsulotlari, tamaki mahsulotlarining maxsus yoki cheklangan seriyalari, sigaretaga oʻxshatib ishlangan shirinliklar (konfetalar), sotuvchilarni muayyan sotuv hajmlari uchun mukofotlash va boshqalar.
Mazkur monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, sotuv joylarida tamaki reklamasi sigaretalar va boshqa tamaki mahsulotlarining samarali sotilishiga xizmat qilmoqda, bu esa aholining eng zaif qatlami – oʻsmirlarga yoʻnaltirilgan. Natijada tamaki reklamasining qurboni bolalar va oʻsmirlar boʻlmoqda.
Shu kunlarda regulation.gov.uz/uz saytida “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi faol muhokama qilinmoqda.
Mazkur loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-apreldagi qaroriga muvofiq tamaki, chilim, elektron sigaretlar, qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, tarkibida nikotin mavjud mahsulotlar ishlab chiqarish va aylanmasini tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan. Qonun loyihasi bilan: Oʻzbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunini yangi tahrirda qabul qilish taklif etilmoqda. Bundan tashqari loyihada qoʻllaniladigan asosiy tushunchalarga taʼriflar berilmoqda, shu jumladan tamaki mahsulotlari tushunchasi yangi turdagi tamaki mahsulotlari bilan toʻldirilmoqda; tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari belgilanmoqda; davlat organlarining tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish va ularning aylanmasini tartibga solish sohasidagi vakolatlari koʻrsatib oʻtilmoqda; alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiyasiga doir faoliyat bir-biridan farq qilishi, shuningdek xorijiy tajriba (MDH, Yevropa, Amerika davlatlari)ga asosan, alkogol va tamaki sohasini tartibga solish alohida qonunlar bilan tartibga solinganligini inobatga olib, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish faoliyatlarini tartibga solish ikkita alohida bobda belgilanmoqda.
Dunyoning 43ta davlatida sotuv joylarida tamaki mahsulotlarini qoʻyish taqiqlangan, bunday taqiq Avstraliya, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Irlandiya, Islandiya, Norvegiya, Finlyandiya, Xorvatiya, Tailand, Hindiston va koʻplab boshqa uzoq xorij mamlakatlarida yaxshi ish bermoqda. MDH mamlakatlaridan bunday taqiq Gruziya, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Turkmanistonda belgilangan. Armaniston, Moldova va Qozogʻistonda qonun bilan qabul qilingan, ammo hali kuchga kirmagan.
Savdo shoxobchalarida yoshlarimizni tamakidan himoya qilish maqsadida qonun ijodkorlariga qonun loyihasida tamaki mahsulotlarining reklamasini, sotuvini ragʻbatlantirish, bu borada homiylikni toʻliq taqiqlash kabi qator takliflar kiritilmoqda. Ushbu normalar yoshlar orasida chekish darajasini keskin pasaytirishga xizmat qiladigan hamda tamakining faol targʻib qilinishiga qarshi taʼsir koʻrsatadigan asos boʻlib xizmat qiladi, deb hisoblaymiz.
Nasimjon Alimov,
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (OʻzNNTMA) Kengashi raisi,
iqtisodiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Irodani qanday mustahkamlash mumkin?
- “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo yosh yetakchilar konferensiyasi: Barqaror suv harakati paradigmasini oʻzgartirish” mavzusida Toshkent shahrida oʻtkaziladi
- TDSI Turkiyaning nufuzli universiteti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi
- Eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan “Oltin to‘p” Rodriga nasib qildi
- Oʻzbekiston qonunchiligida 1-noyabrdan nimalar oʻzgaradi?
- Fargʻonada fuqaro suv taʼminoti xodimini urib jagʻini sindirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring