Jamoat transporti sohasida yangi tizim joriy etiladi

Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida jamoat transportining yangi tizimini joriy etish boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Jamoat transporti aholining uzogʻini yaqin qilib, xarajati va vaqtini tejaydigan, hayot sifatini koʻrsatadigan muhim ijtimoiy xizmat. Yurtimizda bu xizmatdan kuniga 10 milliondan ortiq yoʻlovchi foydalanadi.
Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasida yoʻlovchi tashish sifatini yaxshilash maqsadida 2023-yilda yana 2 mingta avtobus olib kelinishi aytilgan edi. Lekin, dedi Prezident yigʻilishda, qancha koʻp avtobus olib kelinmasin, joylardagi transport boshqarmalari va avtobus parklarida hozirgi ish tizimi oʻzgarmasa, aholi ehtiyojiga yarasha xizmat koʻrsatib boʻlmaydi.
Barcha hududlarda aholi uchun yangi uy-joy, maktab, bogʻcha, shifoxona va boshqa muassasalar barpo etilayapti. Lekin, transport sohasi bu oʻzgarishlardan orqada qolib, bugungi rivojlanish talablariga mos kelmayapti.
Xususan, ayrim viloyat markazida jamoat transportini rivojlantirish rejasi ishlab chiqilmagan. Transport korxonalari kunlik tushum rejasini bajarishga bogʻlanib qolgani bois avtobuslar kunning “eng daromadli” paytida harakatlanishga odatlanib qolgan. Qolgan vaqtda yoʻlovchilar uzoq kutish yoki taksida yurishga majbur.
Shu bois yigʻilishda sohadagi ish tizimini oʻzgartirib, xizmat sifatini yaxshilash boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Unga koʻra, kunlik tushum rejasini belgilash amaliyoti bekor qilinadi. Tashuvchilarga mablagʻlar avtobusning yurgan masofasi va odamlar xizmat sifatidan qoniqishiga qarab beriladi. Xizmat sifatiga avtobusdagi qulayliklar va sanitar holat, kech qolmasdan bekatga yetib kelishiga qarab baho beradigan tizim boʻladi.
Bu tizim Toshkent, Samarqand, Andijon va Urganch shaharlarida joriy yilda, boshqa viloyat markazlari va Nukus shahrida kelgusi yilda yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Davlatimiz rahbari jamoat transporti aholiga qulay, tadbirkorlarga jozibador boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
Hozirgi avtobus yoʻnalishlarini soʻnggi yillardagi aholi ehtiyoji asosida qayta koʻrib chiqilishi kerak. Prezidentimiz bu borada mahalliy soʻrovlar oʻtkazib, aholining talab va istaklarini bilish zarurligini taʼkidladi.
Transport parkini izchil yangilab borish ham muhim. Yigʻilishda buni ragʻbatlantirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Jumladan, jamoat transporti yoʻnalishlari boʻyicha ochiq tenderda avtobuslarning yangilik darajasi asosiy mezon etib belgilanadi. Tashuvchilarga toʻlanadigan mablagʻlarni shakllantirishda har yili avtobuslarning 20 foizini yangilab borish xarajatlari koʻzda tutiladi.
Bundan tashqari, tadbirkorlar olib kelgan yangi avtobuslar boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻini boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi. Avtobuslar sotib olish uchun 10 yilgacha muddatga imtiyozli kredit beriladi.
Yoʻllarda jamoat transportining toʻsiqsiz harakatlanishini taʼminlash – dolzarb masala.
Toshkent shahrida 73 ta asosiy koʻchada avtobuslar uchun alohida yoʻlak tashkil etib, chorrahalar oʻtkazuvchanligini oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu orqali avtobuslarning oʻrtacha tezligi 1,5 baravar oshib, kechikishlar bartaraf etiladi.
Viloyatlar hokimlariga oʻz hududida poytaxtdagidek kabi transport infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha manzilli dasturni tasdiqlab, amalga oshirishni boshlash topshirildi. Bunda yoʻl va chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berish, bekatlarda aholi va tadbirkorlarga sharoit yaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Gidroenergetikadagi loyihalar ijrosi koʻrib chiqildi
- Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida
- Gruziyada dzyudo boʻyicha navbatdagi musobaqa boʻlib oʻtadi
- AQSH Ukraina uchun tinchlik rejasining asosiy elementini maʼlum qildi
- Poytaxt ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyalari barpo etiladi
- Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdilar
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring