Jahonning yongʻin-qutqaruv sporti ustalari Samarqandda

10:30 03 Oktyabr 2022 Sport
691 0

Foto: Xalq so‘zi

Xalqaro oʻt oʻchiruvchilar va qutqaruvchilar sporti federatsiyasi bilan hamkorlikda 29-sentyabr — 5-oktyabr kunlari qadimiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida yirik tadbirlardan biri — yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha erkaklar oʻrtasida XVII jahon chempionati va ayollar oʻrtasida VIII jahon chempionati oʻtkazilmoqda.

Ushbu jahon chempionatida Xalqaro oʻt oʻchiruvchilar va qutqaruvchilar sporti federatsiyasi Prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-polkovnik A.Chupriyan boshchiligida Avstriya, Benin, Belarus, Bolgariya, Burkina-Faso, Gabon, Janubiy Afrika, Kamerun, Koreya, Kot-dʼIvuar, Latviya, Moʻgʻiliston, Niger, Ozarbayjon, Rossiya, Senegal, Slovakiya, Tunis, Turkiya, Tojikiston, Hindiston, Xitoy, Eron, Qatar, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston davlatlari, shuningdek, Xalqaro yongʻin oʻchiruvchilar sporti federatsiyasi, Xalqaro fuqaro mudofaasi tashkilotlari vakillari qatnashyapti.

Musobaqada 30 ga yaqin davlatlarning jamoalari toʻrt yoʻnalish boʻyicha 60 ta medallar toʻplami uchun oʻzaro bahs olib bormoqda. Faxriy mehmonlar qatorida nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham bor.

Chempionatning erkaklar oʻrtasidagi bahsida 11 davlat - Oʻzbekiston, Tojikiston, Moʻgʻuliston, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Eron, Belarus va Qirgʻiziston respublikalari jamoalari gʻoliblik uchun bahslashyapti.

Kecha oʻtkazilgan “100 metrga toʻsiqlar osha yugurish” turi boʻyicha erkaklar oʻrtasida jahon chempionatida terma jamoamiz aʼzolari umumjamoa hisobida ilk marotaba 2-oʻrinni egallab, jahon chempionatining kumush medaliga sazovor boʻlishdi. Bu turda1-oʻrinni Rossiya, 3-oʻrinni esa Qozogʻiston terma jamoasi vakillari egalladi.

Ayollar oʻrtasidagi bahsda esa Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Rossiya, Belarus, Turkiya Respublikalari jamoalari kuch sinashmoqda.

Chempionatlarda jami 200 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda.

Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Jayrona Abduvaitova oʻz natijasi bilan (16.19 soniya) terma jamoamiz sportchilari oʻrtasida eng yaxshi natijani koʻrsatdi va Oʻzbekiston milliy rekordini oʻrnatdi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu jahon chempionatida ayollar terma jamoamiz ilk marotaba ishtirok etmoqda.

— Jahon chempionatida ilk bor ishtirok etyapman, — deydi Qirgʻiz Respublikasi jamoasi aʼzosi Janat Muqtaliy uli. — Samarqandda oʻtayotgan musobaqa menda katta taassurot qoldirmoqda. Har jihatdan puxta hozirlik koʻrilgan. Musobaqada qatnashayotgan boshqa doʻstlarim ham buni taʼkidlashyapti. Yaratilgan sharoitlar sportchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashmoqda. Yuqori kayfiyat musobaqada ham yuqori natijalarga erishimizga xizmat qiladi. Barcha ishtirokchilarga omad tilayman.

Xalqaro oʻt oʻchiruvchilar va qutqaruvchilar federatsiyasi hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur chempionat bahslari 5-oktyabrga qadar davom etadi.

Qayd etish kerakki, ushbu Xalqaro yongʻin-qutqaruv sporti boʻyicha erkaklar oʻrtasida XVII jahon chempionati va ayollar oʻrtasida VIII jahon chempionati oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining dunyo mamlakatlari bilan rivojlanib borayotgan hamkorlik aloqalari hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?