Jahonda elektromobillar davri boshlandi: Oʻzbekiston bunga tayyormi?

16:54 16 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
499 0

Jahonda qaysi davlat yoki kompaniya innovatsiyalarni koʻproq va tez joriy qilsa, oʻshalar tez boyib ketadi. Shuning uchun ham hozirgi vaqtda yangi texnologik kompaniyalar daromadlari keskin oshib bormoqda, ularning aksiyalari kursi va kapitallashuv darajasi tez oʻsmoqda. Ushbu kompaniyalar joylashgan davlatlar yalpi ichki mahsuloti hajmi oʻsishiga ijobiy taʼsir qilmoqda. Masalan, 2020-yilda dasturiy taʼminot ishlab chiqaradigan Microsoft kompaniyasining kapitallashuv darajasi 1 359 mlrd. dollar (dunyoda 2-oʻrinda), informatsion texnologiyalar ishlab chiqaradigan Apple Inc. kompaniyasining esa 1 286 mlrd. dollar (dunyoda 3-oʻrinda) boʻlgan. Bu kompaniya ham dunyoning eng katta va innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyoti boʻlgan AQSHda joylashgan.

Hozirgi vaqtda jahonda eng muhim global texnologik yangiliklardan biri elektromobillar hisoblanadi. Bu jahon avtomobil bozorini oʻzgartiradi, oqibatda avtomobilsozlik va u bilan bogʻliq tarmoqlar oʻzgaradi. Deloitte kompaniyasining prognoziga koʻra, 2025-yilgacha jahonda har yili elektromobillar oʻsish surʼati 34 % foizni tashkil etib, ularning soni 25-30 mln.taga yaqin boʻladi. Oʻz navbatida, anʼanaviy dvigatelli avtomobillar ulushi kamayib boradi.

Oʻzbekiston avtosanoati ham jahonda avtomobil bozoridagi trendlar va prognozlarni hisobga olib strategiyani yuritishi lozim. Quvonarli tomoni shundaki, respublikamizda “Labo” avtomobili bazasida elektromobil yaratish loyihasi amalga oshirilmoqda. “Labo” elektromobilining boshlangʻich tannarxi 10 ming AQSH dollari atrofida boʻladi. Elektromobilning bir quvvatlanishi minimal 150 kilometr, maksimal 250 kilometrgacha masofaga yetishi koʻzda tutilgan. Quvvatlash 220 voltli tokdan boʻlsa, 4 soatdan 8 soatgacha, quvvatlash stansiyasida esa maksimal 1 soat ketadi. Ushbu elektromobilning ayrim detallari import qilinsa ham u respublikamizda birinchi boʻlib yangi davrning innovatsion texnikasi boʻladi.

Shuningdek, “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasidagi “Shaffof omadli sanoat” qoʻshma korxonasida elektromobil ishlab chiqarish loyihasi Xitoyning Silk Road Company kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSH dollari boʻlib, shundan 24 million dollari xorijiy investorlarga tegishlidir. Hisob-kitoblarga koʻra, elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida boʻladi.

Shu bilan birga, respublikamizda elektromobillar import qilinmoqda. 2020-yilning 9 oyida Oʻzbekistonga xorijdan 2,1 million dollar sarflab, 82 ta elektromobil import qilingan. Ammo ushbu holat boʻyicha ham ijtimoiy tarmoqlarda har xil fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Mamlakatimiz aholisi ham global texnologik yangiliklar natijalaridan bahramand boʻlishga haqlidir. Muhimi, elektromobillar yoqilgʻilar ishlatilib, atrof-muhitga zararli chiqindilar chiqarmaydi. Yildan yilga elektromobillarning yangi modellari yaratilib, ular tejamkor va samarali boʻlib bormoqda.

Biz ham elekromobillar davriga hamohang boʻlishimiz lozim. Respublikamizda turli toifadagi zamonaviy elektromobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, ularni quvvatlash shoxobchalarini barpo etish va tezlik bilan ushbu texnologik jarayon talablariga javob beradigan milliy kadrlarni tayyorlashimiz zarur. Mazkur maqsadlarga erishishning samarali yoʻli tarmoqda bozor mexanizmi va tamoyillarini faol joriy etishdir. Yaʼni, Adam Smitning “koʻrinmas qoʻli”dan foydalanish lozim.

Fozil Dodiyev,
iqtisod fanlari nomzodi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?