Jahon hamjamiyatining diqqat-eʼtibori Oʻzbekistonga qaratilgan

09:33 25 Sentyabr 2020 Siyosat
373 0

Bunga mamlakatimiz yetakchisining konstruktiv tashabbuslari sabab boʻlmoqda.

“Oʻzbekiston xalqaro jarayonlarga tobora faolroq kirib bormoqda, global va mintaqaviy kun tartibini shakllantirishda dadil qatnashib, oʻz salohiyatidan jahon hamjamiyatining koʻp tomonlama tuzilmasi doirasida maqsadli foydalanishga kirishdi. Shunday yondashuv tufayli Oʻzbekistonning obroʻsi va nufuzi ortib bormoqda”.

Ushbu iqtibos “Political Events” haftalik tahliliy jurnali bosh muharriri Muhammad Ismoil Xonga tegishli boʻlib, Oʻzbekiston rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi yuzasidan aytilgan va mamlakatimizning keyingi toʻrt yil ichida jahon hamjamiyatida egallagan mavqeini roʻyirost koʻrsatib turibdi. Hindistonlik hamkasbimizning soʻzlaridan anglashiladiki, bugun turli davlatlar rahbarlari hamda ekspertlar jamiyatining diqqat-eʼtibori Prezident Shavkat Mirziyoyevning puxta oʻylangan tashqi siyosati, asosli tashabbuslari va izchil islohotlari tufayli bizning mamlakatimizga qaratilgan.

Tabriklash uchun asos bor

Qatʼiy reglament bilan belgilangan chorak soat ichida nafaqat Oʻzbekistonni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan modernizatsiya qilishning ustuvor vazifalari, balki mintaqaviy hamda global miqyosdagi dolzarb masalalarni ham qamrab olish nihoyatda qiyin vazifa. U shunday bajarildiki, Bosh Assambleya sessiyasining ­siyosiy bahs-munozarasini kuzatib borayotganlar orasida birinchi boʻlib Parlamentlararo Ittifoqning bosh kotibi Martin Chungong samimiy fikr bildirdi:

— Men Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlar rolini oshirish toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish toʻgʻrisidagi taklifi bilan tabriklayman, — dedi u.

Oʻzbekiston yetakchisining videomurojaatiga alohida qiziqish bildirgan “Marmara Grubu” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamgʻarmasi prezidenti doktor Akkan Suver buni mamlakatimizning Markaziy Osiyodagi hal qiluvchi roli bilangina emas, balki demografik, iqtisodiy va umuman, geostrategik jihatdan tobora ortayotgan nufuzi bilan ham izohladi.

Turkiyalik ekspertning fikricha, bunda Prezident ­Shavkat Mirziyoyev tomonidan ­taklif etilgan “Yangi Oʻzbekiston”ni shakl­lantirish va mamlakatda uchinchi Renessansning boshlanishi haqidagi umummilliy shiorda prinsipial jihatdan ­yangicha mazmunga ega gʻoyalarning ilgari surilayotgani va roʻyobga chiqarilishi koʻzda tuti­layotgani muhim ahamiyat kasb etadi. Shu tufayli Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning alohida ishtirokchisiga, ham mamlakat ichida, ham tashqarisida yangidan-yangi gʻoya va tashabbuslarni koʻtarib chiquvchi, islohotlar hamda tom maʼnodagi yangilanishlarga undaydigan quvvat va ­shijoat baxsh etuvchi bir manbaga aylanib bormoqda.

Davlatimiz rahbarining nutqi oʻzbek tilida gaplashadigan 50 milliondan ziyod kishilarning qalbida faxr uyotgani, shubhasiz. Mamlakatimiz va undan tashqarida yashovchi bu insonlar birinchi marta shunday yuksak minbardan ulu Alisher Navoiy tilida yangragan soʻzlardan qalblari junbushga keldi. Va bu ramziy maʼnoga ega boʻldi. Goʻyoki, ilm-fan va ijod gullab-yashnagan oʻsha Navoiy zamoni bilan ayni vaqtdagi uchinchi ­Uyonish davri oʻrtasida misoli bir koʻprik solindi.

BMTning yubiley sessiyasi muvaffaqiyatiga yangicha onlayn-format ham xalaqit bera olmadi. Oʻta muhim siyosiy tadbir ham epidemiologlarning talabiga boʻysunishga majbur boʻldi, shu bois u virtual forum tarzida oʻtkazildi. Bevosita minbarda turib gapiruvchi notiqlarda, albatta, imkoniyat katta. Ular tinglovchini nafaqat nutq mazmuni bilan, balki joʻshqinlik yordamida ham oʻziga jalb qila olishadi. Videomurojaatda imkoniyat ancha cheklangan. Shunday boʻlsa-da, gʻoya va yangicha fikr ustuvor hisoblanuvchi hozirgi davrimizda tahlilchilarning butun diqqat-eʼtibori ­nutqlarning jimjimador va balandparvoz tashqi bezagiga emas, balki aynan mohiyatiga qaratilmoqda.

Oʻzbekiston yetakchisining chiqishidan ham ekspertlar kerakli mazmunni ilab olishdi. Qator xorijiy telegram-kanallarning siyosatshunos va sharhlovchilari, hatto ­barcha narsani tanqid qilishga oʻrganib qolgan oʻta shubhagoʻy olimlar ham, Bosh Assambleya 75-sessiyasidagi muzokaralarning ikkinchi kuniga yakun yasar ekanlar, Oʻzbekiston Prezidenti oʻz nutqi bilan OAV hamda kuzatuvchilarning eʼtiborini jalb qila olganini taʼkidlashdi.

Mualliflar yozishicha, Shavkat Mirziyoyev mamlakatni uch yildan ortiqroq vaqt mobaynida boshqarib, unga dunyodagi eng yirik korporatsiya va iqtisodiyotlarning eʼtiborini qarata oldi. Shuning uchun ham Oʻzbekiston keyingi yillarda jahon hamjamiyatining muhim qismi sifatida oʻzining COVID-19ga qarshi kurashdagi yutuqlari, pandemiyadan soʻng iqtisodiyotni tiklash boʻyicha saʼy-harakatlari haqida butun dunyoga gapira oladi. Mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlashda oʻzgarish boʻldi, inson huquqlari sohasidagi holat ham butunlay oʻzgardi. Umuman, Oʻzbekiston demokratlashtirish yoʻlidan bormoqda. Nutqda alohida eʼtibor ­mintaqaviy siyosatga ajratildi, bu esa ­davlatimizning mintaqada yetakchi ekanidan dalolat.

Shavkat Mirziyoyev Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va bu mamlakatni urushdan keyin tiklash ishlarida Oʻzbekiston faol ishtirok etayotgani haqida ham toʻxtaldi. Oʻzbekiston rahbari, Doha shahrida afgʻon siyosiy kuchlari oʻrtasida boshlangan tinchlik muzokaralarini toʻla qoʻllab-quvvatlagan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzurida afgʻon xalqining dardu tashvishini tinglaydigan, doimiy faoliyat koʻrsatadigan qoʻmita tashkil etish lozimligi toʻgʻrisida taklif kiritdi. Bu boʻyicha tahlilchilarning xulosasi esa aniq: ana shunday qadamlar tufayli mintaqa yetakchilari maydonga chiqadi va ular Osiyoning eng yirik davlatlari bilan tenglashishga qodir boʻladi.

“Beshinchi otliq”qa qarshi kurash

Keyingi bir necha oyda butun dunyo yana bir ulkan xatar va muammoga duch keldi. Joriy yil yanvarida BMT Bosh kotibi insoniyat kelajagini xavf ostiga qoʻyuvchi “toʻrtta otliq” haqida gapirgan edi. Ular — global geostrategik taranglikning oʻsishi, iqlim oʻzgarishi, xalqaro maydonda ishonchning inqirozga yuz tutishi va raqamli texnologiyalar joriy etilishidagi salbiy oqibatlar. Endi maʼlum boʻlishicha, panada “beshinchi otliq” ham yashirinib turgan ekan — bu esa, COVID-19 pandemiyasi boʻlib chiqdi.

— Biz bugun bir vaqtning oʻzida ham sogʻ­liqni saqlash sohasidagi misli koʻrilmagan inqiroz, ham eng yirik iqtisodiy inqiroz, ham Buyuk depressiya davridan keyingi eng katta miqyosli ish oʻrinlarining yoʻqotilishi va ustiga-ustak, inson huquqlari uchun yangi xatarlar bilan toʻqnash kelib turibmiz, — degan edi oʻshanda Antoniu Guterrish.

Pandemiya dunyoning zaifligini, tengsizlik tobora oʻsib borayotganini koʻrsatib qoʻydi. Bosh kotib 30 yil ichida birinchi marta kambagʻallikda yashayotgan odamlar soni koʻpayib borayotgani, inson salohiyatining rivoji koʻrsatkichlari ham pasayayotganidan tashvishda.

Bu muammolar Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi, lekin ularga qarshi tub oʻzgarish va islohotlar amalga oshirilib, manzilli choralar qoʻllanilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqida qayd etilishicha, biz birinchi marta kambagʻallikni kamaytirish haqidagi qatʼiy qarorimizni ochiq eʼlon qildik. Bunga tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish, investitsiya va biznes muhitini yaxshilash hamda zamonaviy infratuzilmani barpo etish, odamlarni yangi kasb-hunarlarga oʻrgatish va aholiga manzilli ijtimoiy yordam koʻr­satish orqali erishmoqdamiz.

Chindan ham, yaqin vaqtlargacha mamlakatimizda kambagʻallik haqida gapirilmas edi. Davlatimiz rahbari tomonidan aholining kam taʼminlagan qatlami 12 — 15 foizni yoki 4-5 million kishini tashkil etishi toʻgʻrisidagi raqamlar eʼlon qilindi.

Bunda Prezident nafaqat muammoning koʻlamini koʻrsatdi, balki uni hal etish yoʻllarini ham belgilab berdi. Jumladan, Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda Kambagʻallikni qisqartirish dasturini ­ishlab chiqish, xalqaro meʼyorlarni chuqur oʻrganish asosida kambagʻallik tushunchasi, uni baholash mezon va usullarini oʻz ichiga oluvchi yangi uslubiyotni joriy etish zarurati mavjudligini taʼkidladi.

Bu global muammo bilan qanday ku­rashish kerakligi haqida bahslar davom etib kelyapti. Bahs, asosan, ikkita variant atrofida kechadi: kambagʻalga “baliq” berish, yaʼni moddiy yordam koʻrsatib, uning miqdorini doim koʻtarib borish kerakmi yoki “qarmoq” berish, yaʼni kambagʻal oʻzi ishlab daromadini koʻpaytirishi uchun sharoit yaratish kerakmi?

Prezident qayd etganidek, birinchi variant — bir tomonlama yondashuv boʻlib, u muammoni uzil-kesil yechishga imkon bermaydi. Davlat tomonidan moddiy yordam faqat jismoniy jihatdan cheklanganlik tufayli yoki qandaydir obyektiv sabablarga koʻra oʻzi pul ishlab topa olmaydigan odamlargagina koʻrsatilishi kerak. Boshqalarga esa davlat “qarmoq” berishi, yaʼni bandlik masalasini hal qilishi, yetarli darajada ish oʻrinlari va tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun imkoniyatlar yaratishi lozim. ­Qisqacha aytganda, barcha muhtojlarni oʻz ­farovonligini oshira olishi uchun ishonchli daromad manbai bilan taʼminlash kerak.

Kambagʻallik bilan kurashishda samarali choralar kompleksi zarur va ular bugungi kunda barcha yoʻnalishda amalga oshirila boshlandi. Ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni deyarli 1,5 baravar ortdi va joriy yil oxiriga borib 774 ming nafardan 1,2 million nafargacha koʻpayadi. Moddiy yordamga muhtoj kishilarning sonini aniqlash uchun joylarda tegishli roʻyxatlar tuzilmoqda. Masalan, yangi oʻquv yili arafasida ana shunday roʻyxatga kiritilgan oilalardagi 16 yoshga toʻlmagan, boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasini oluvchi farzandlar, shuningdek, nogironligi bor bolalarga moddiy yordam koʻrsatildi.

Umuman olganda, Oʻzbekistonda pensiya va ijtimoiy nafaqalarning miqdori muntazam oshirilyapti, koronavirus pandemiyasi sababli aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga yordam uchun trillionlab soʻm mablagʻ ajratilmoqda. “Qarmoq”qa keladigan boʻlsak, bunda, avvalo, ishsizlik muammosini hal qilish juda muhim. Xorijda ishlayotgan oʻn minglab vatandoshlarimiz pandemiya sababli yurtimizga qaytib kelganidan keyin bu boradagi vaziyat yana-da murakkablashdi.

Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar tufayli hatto karantin sharoitida ham mamlakatimizda aholining asosiy qismi uchun daromad manbai va turmush darajasi saqlab qolinishiga erishildi. Bugungi kunda esa, pandemiya sababli toʻxtab qolgan korxona va firmalar faoliyati ham tiklanmoqda.

Ammo hali yuz minglab oʻzbekistonliklar ish oʻrinlariga va daromadlarini koʻ­paytirishga ehtiyoj sezmoqda. Ularni doimiy yoki vaqtinchalik ish bilan taʼminlash uchun qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Masalan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirib, oʻz ehtiyojlarini qondirish va ortiqchasini sotish uchun yer uchastkalari ajratish yoki jamoat ishlariga jalb qilish orqali.

Bandlik muammosini hal etish, oilalar farovonligini oshirish, demakki, kambagʻallik bilan kurashishda kichik biznes va xu­susiy tadbirkorlikni rivojlantirish muhim oʻrin tutadi. Bugun mehnatga layoqatli inson oʻzi uchun daromadli mashgʻulot topa oladi. Masalan, bu yil faqat “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 4 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltiriladi. 370 mingdan ortiq vatandoshlarimiz oʻzini oʻzi band qilganlik haqida roʻyxatdan oʻtib, soliqlar boʻyicha imtiyozga ega boʻldi. Fargʻona viloyatining qishloq tumanlarida yoʻlga qoʻyilib, ijobiy natija bergan, aholining biznes va tadbirkorlik bilan shugʻullanish koʻnikmalarini shakllantirish tajribasini barcha viloyatlarda joriy etish koʻzda tutilmoqda.

Tizimli va aniq maqsadga yoʻnaltirilgan choralar tufayli kam taʼminlanganlar toifasiga kiruvchi, lekin mehnatga yaroqli aʼzolari boʻlgan oilalarning soni sezilarli ravishda kamayadi. Demak, biz “beshinchi otliq”qa qarshi jang qila olamiz. Lekin bunday kurashni global darajada ham olib borish kerak. Shuning uchun Prezidenti­miz oʻz nutqida tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchamizni bezovta qilishi zarurligini qayd etar ekan, shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu ­masalalarga bagʻishlangan global sammitni oʻtkazishni taklif etdi.

Farovonlik umumiy harakatni talab etadi

BMT Bosh Assambleyasi yubiley sessiyasining shiori — “Umumiy harakatlar bilan umumiy kelajak sari” — tashkilotga kiruvchi 193 davlatning xohish-irodasini aks ­ettiradi. Bunday kelajakka har bir insonning asosiy ehtiyojlarini taʼminlamay ­turib erishib boʻlmaydi.

Pandemiya koʻpgina tarmoqlarga katta zarar yetkazdi. Kundalik ehtiyojlar masalasi ham keskinlashdi. Xalqaro hamjamiyat bong urmoqda. BMT tarkibiga kiruvchi Butunjahon oziq-ovqat dasturi rahbari Devid Bisli oziq-ovqat yetishmasligidan aziyat chekayotgan odamlarning soni ortib borayotganini aytib oʻtdi va “Juda katta koʻlamdagi ochlik muammosi bilan bogʻliq xavf qarshisida qolishimiz” ehtimoli borligi haqida ogohlantirdi.

Antoniu Guterrish oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va isteʼmol qilishga boʻlgan yondashuvni tubdan oʻzgartirish, barchani oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarni kelishilgan holda amalga oshirishga chaqirdi. BMT Bosh kotibi 2021-yilda Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashning dolzarb muammolariga bagʻishlangan sammit oʻtkazishni taklif etdi va bu taklif Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan maʼqullandi.

Ekspertlar fikricha, ushbu sammit faqat nav­batdagi tadbir boʻlib qolmay, balki 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga ­erishish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlarda tub burilish yasashi lozim.

Aholisi tez surʼatlarda oʻsayotgan Oʻzbekiston uchun oziq-ovqat xavfsizligini mus­tahkamlash birinchi galdagi vazifa. ­Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimiz bu muammoga duch kelgan: koʻpgina oziq-ovqat mahsulotlarining chetdan keltirilganligi sababli ocharchilik xavfi vujudga kelgan va bu biz uchun katta saboq boʻlgan.

Keyingi paytda qishloq xoʻjaligi tubdan isloh qilindi. Paxta maydonlari qisqartirilib, boʻshagan yerlarga boshoqli don, meva-sabzavotlar ekildi. Chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlar rivojlanmoqda. Respublikamiz oziq-ovqat sanoati quvvatlarini koʻpaytirish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlamoqda. Endi uni mustahkamlash vazifasi turibdi.

Joriy yilning oʻzida meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urugʻchilik, chorvachilik va agrologistika tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ilmiy tadqiqot ishlarini kengaytirish va qishloq xoʻjaligi sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash maqsadlariga uch trillion soʻm yoʻnaltirish moʻljallangan.

Inqirozga yoʻl qoʻymaslik uchun agrar tarmoq xalqaro moliyaviy tashkilotlar mablagʻlari hisobidan modernizatsiya qilinmoqda. Shu maqsadda qiymati 1,2 milliard dollarlik loyihalar roʻyobga chiqarilyapti.

Va albatta, yana bir global muammo — iqlim oʻzgarishi natijasida yuzaga kelgan va yildan-yilga kuchayayotgan suv resurslari taqchilligi doimiy diqqat-eʼtiborda. Shu bois suv tejovchi texnologiya va jihozlarni joriy etishga alohida ahamiyat berilyapti. Ular hozircha faqat 285 ming gektarda, yaʼni mavjud yerlarning yetti foizidagina qoʻllanilyapti, xolos. Kelgusi yilda bu koʻrsatkichni ikki baravardan koʻproqqa oshirish moʻljallangan. Shuningdek, sugʻorish meʼyorlarini hisoblash uslubiyotini BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) talablariga muvofiq holga keltirish, suvdan oqilona foydalanish uchun hisob-kitob tizimini takomillashtirish, suvga hisoblagich oʻrnatgan isteʼmolchilarni ragʻbat­lantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda.

Qishloq xoʻjaligini isloh qilishdagi shu va boshqa chora-tadbirlar sammit doirasida jahon hamjamiyati eʼtiboriga sazovor boʻladi, deb oʻylaymiz. Biz uchun esa, bu xalq­aro tashkilotlar bilan munosabatlarni ­yana-da mustahkamlashda yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Natijada dasturxonimizning yana-da toʻkin boʻlishiga, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish oʻrinlari yaratilishiga, umuman, hayotimizning yana-da farovonlashuviga xizmat qiladi.

Sessiyaning umumsiyosiy bahs-munozara shaklida oʻtkazilishi fikrlar toʻqnashuvini taqozo etadi. Va shunday boʻldi ham: forum davomida davlatlar rahbarlari oʻz strategiyalari, yondashuv va konsepsiyalarini ilgari surishda boshqalarga qarama-qarshi qoʻyishdi ham, baʼzan bir-birlariga kinoyalar ham qilishdi.

Oʻzbekistonning ovozi esa, bundan uch yil oldin ham, hozir ham boshqacha jarangladi. Markaziy Osiyoni tubdan oʻzgartirib yuborgan, umumiy taraqqiyot maqsadlariga xizmat qilib, mamlakatlarni birlashtiradigan daʼvatlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridagi chiqishlari orqali butun sayyoramizga tarqaldi. Tinchlik va bunyodkorlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan tashabbuslar bahsga oʻrin qoldirmaydi: axir ular umumiy manfaatlarga qaratilgan.

Albatta, davlatimiz rahbarining nutqi uning asl mohiyatini anglash maqsadida hali oʻrganiladi, tahlil qilinadi. Nutqda birin-ketin ilgari surilgan takliflar batafsil ochib beriladi va bu tezislar ishlab chiqiladigan “yoʻl xaritalari” va dasturlarga asos boʻlib xizmat qiladi. Bu tashabbuslar — jahon hamjamiyati uchun ham yaxshilab oʻylab koʻrish uchun mavzu. Oʻylab koʻrish va asosiysi, aniq harakatlarga kirishish esa, bugun barcha uchun zarur.

Oʻtkir RAHMAT.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?