Jahon banki nogiron fuqarolarga grant mablagʻlari ajratadi

16:08 25 Yanvar 2023 Dunyo
262 0

Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari Durdona Rahimova boshchiligida mutasaddilar Jahon bankining masʼul mutaxassislari bilan uchrashdi. Tegishli boshqarma rahbarlari va yetakchi xodimlari ishtirok etgan tadbirda poytaxtimizda nogironligi bor fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularga yetarli shart-sharoit yaratish uchun grant mablagʻlari ajratish masalasi muhokama etildi.

Shahar hokimligida boʻlib oʻtgan uchrashuvda Durdona Rahimova xorijlik mutaxassislarga tashrifi uchun alohida minnatdorchilik bildirib, Jahon banki dunyoda yetakchi moliya muassasalaridan biri ekanligini, ular bilan mazkur masalada hamkorlik qilish ijtimoiy ahamiyatga egaligini bildirdi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholiga, xususan, nogironligi bor fuqarolarga gʻamxoʻrlik qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilganligini, joriy yil bejiz Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili deb nomlanmaganligini taʼkidladi.

Mehmonlarga poytaxtda keyingi paytda mazkur sohada amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida ham atroflicha maʼlumotlar berildi. Jumladan, nogironlar uchun yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar, zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualarida alohida yoʻlakchalar, taʼmirlanayotgan yoʻllarning chorrahalarida ularning harakatlanishi uchun maxsus yoʻlaklar qurilayotganligi qayd etildi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda Toshkent shahrida 49552 nafar nogironligi bor fuqarolar istiqomat qilishi, shuningdek, davlat taʼminotida boʻlgan ikkita Muruvvat uyi mavjudligi, ularning biri katta yoshdagi, ikkinchisi esa bolalar uchun ixtisoslashtirilganligi taʼkidlandi.

Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Muruvvat” erkaklar uchun internat-uyining bir qismi taʼmirlanayotganligi, Yunusobod tumanidagi “Muruvvat” uyi hududida esa bogʻ tashkil etilayotganligi qayd etildi. Bunday xayrli ishlar joriy yilda ham davom ettirilib, 4,5 milliard soʻm mablagʻ ajratish koʻzda tutilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.

Jahon banki masʼul mutaxassislari Oʻzbekiston hukumati “Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qilganligini, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlardan xabardorligi,

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlik oʻrnatilganligi, lekin mavjud holat tahlil etilganda, nogironlar uchun yaratilishi lozim boʻlgan shart-sharoitlar yetarli darajada emasligini taʼkidlashdi.

Shuning uchun yangi barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar, zamonaviy xizmat koʻrsatish majmualarida nogironlar uchun alohida yoʻlakchalar qurish, ularning salomatligiga gʻamxoʻrlik qilish, ayniqsa, iqlim oʻzgarishlari bilan bunday fuqarolarning sogʻligʻiga eʼtiborni kuchaytirish maqsadida grantlar ajratish tavsiya etildi.

Toshkent shahar hokimligi mutasaddilari mazkur yoʻnalishda olib boriladigan ishlarni Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamiyatlari va assotsiatsiyalari bilan hamkorlikda amalga oshirish, bugungi kunda dolzarb hisoblangan koʻzi ojizlar va eshitishida nuqsoni bor bolalarni zamonaviy oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlash uchun grant mablagʻlari ajratish ayni muddao ekanligini taʼkidlashdi.

Shuningdek, uchrashuvda mazkur sohada amalga oshiriladigan ishlar samaradorligini oshirish maqsadida monitoring olib borish yaxshi samara berishi bildirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?