Jabrdiydaga yetkazilgan 208 million soʻm zarar undirildi

13:02 08 Sentyabr 2022 Jamiyat
298 0

Foto: Xalq so‘zi

2021-yil 31-may. Kogon tuman Yangiqoʻrgʻon qoʻrgʻonida yashovchi Zulfiya Hojiyeva va uning yaqinlari uchun juda qaygʻuli kechdi. Ayolning turmush oʻrtogʻi Axmed Davronov ishdan qaytayotib, avtohalokat tufayli hayotdan koʻz yumdi.

Yoʻl – transport hodisasini sodir etgan shaxs qonunga muvofiq jazosini oldi. Ammo bu jabrdiyda ayolning koʻngliga tasalli bermasligi aniq.Oila suyangan togʻi-boquvchisidan ayrilib qoldi. Endi uyning toʻri boʻm-boʻsh. Rahmatli Ahmed aka dala yumushlaridan horib qaytganida yonboshlab, xotini ikkovlon bolalarning ertasi haqida shirin-shirin suhbatlar qurishardi. Qanaqangi, baxtli damlar ediya?!

Axmed aka “Bahor chance textile” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dalada brigadirlik qilardi. Ekinlarni odatda, kechqurun sugʻorishar, avtohalokat aynan shu yumushlarni bajarib uyiga qaytayotgan pallada, korxona hududida roʻy bergandi. Ana shularni oʻylagan Zulfiya opa jamiyat rahbarlaridan yordam soʻradi. Ammo, Zulfiya opanig aytishicha, U rad javobini oldi. Bunga bir jihatdan masalaning nozik tomoni ham vaj sifatida keltirildi. Gap shundaki, Axmed akaning iltimosiga koʻra, korxona rahbariyati marhumning oʻgʻli U. Davronovni buyruq asosida ishga olgandi. Ammo barcha ishni Axmed Davronovning oʻzi bajarardi.

Korxona rahbarlarining insofga kelishlaridan umidini uzgan Zulfiya opa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Kogon tuman Xalq qabulxonasidan koʻmak soʻradi. Vaziyatni oʻrganib chiqqan qabulxona masʼullari ishga Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Buxoro viloyat kengashini jalb etdilar. Mazkur kengash Z. Hojiyeva manfaatini koʻzlab sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qildi.

Fuqarolik ishlari boʻyicha Kogon tumanlararo sudi mazkur ishni atroflicha oʻrgandi va mavjud qonunchilik talablaridan kelib chiqib, daʼvoni qanoatlantirish toʻgʻrisida qaror chiqardi.Unga koʻra, “Bahor chance textile” MCHJ dan fuqaro Zulfiya Hojiyeva foydasiga baxtsiz hodisa oqibatida boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan yetkazilgan zarar uchun 208 million 183 ming soʻm undirildi. Shuningdek, javobgar korxona zimmasiga Z. Hojiyevaga boquvchisini yoʻqotganlik uchun har oyda toʻlanadigan zarar toʻlovlarini toʻlab borish majburiyati yuklandi.

— Oilamiz boshiga tashvish tushganida bizni yolgʻiz tashlab qoʻymagan barcha insonlardan, xususan, Prezidentimizning Kogon tuman Xalq qabulxonasi, viloyat kasaba uyushmalari kengashidan minnatdormiz, — deydi Zulfiya Hojiyeva. — Ilohim, hech kimning oilasida yoʻqotish boʻlmasin.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер