“Zarchob-1” va “Zarchob-2” GESlari toʻliq quvvat bilan ish boshladi

20:19 22 Noyabr 2021 Iqtisodiyot
984 0

Surxondaryo viloyatida gidroenergetika sohasini rivojlantirish, yangi GESlar qurish va mavjudlarini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Oʻtgan yili murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, «Oʻzbekgidroenergo» AJ tomonidan 6 ta yangi qurilish va modernizatsiya loyihalari ishga tushirildi. Mazkur loyihalarning umumiy quvvati 118,3 MVtni tashkil etib, bu esa qoʻshimcha 543 mln. kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini yaratdi.

Jumladan, jamiyat tomonidan oʻtgan yili Curxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida yangidan barpo etilgan “Zarchob-1” kichik GESi oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, “Zarchob-2” loyihasi ham muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

«Gidroproyekt» AJ tomonidan loyihalashtirilgan ushbu kichik GESi uchun zaruriy texnologik qurilmalar Xitoyning yetakchi kompaniyasi tomonidan yetkazib berildi. Qurilish-montaj ishlari yakunlangach, sozlash va sinovdan oʻtkazish hamda avtomatik tizim boshqaruvini markazlashgan tarzda muvofiqlashtirish ishlari olib borildi. Yirik suv manbai — «Toʻpalang» suv omboridan tunnel va kanal orqali ushbu kichik GESga suv yetkazib berildi. Bosimli hovuzdagi suv koʻtarish inshootlari shay holatiga keltirilgach, belgilangan tartibda sinovdan oʻtkazildi. Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli oʻtgach, “Zarchob-2” kichik GESi foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan uyushtirilgan taqdimot marosimida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, GES qurilish-montaj ishlarida ishtirok etgan korxonalar ishtirok etdi.

Inshootning rasmiy ochilish marosimida ramziy tugma bosilib, eng ilgʻor texnologik uskunalar yordamida dastlabki kilovattlar ishlab chiqarila boshlandi.

— Ushbu inshootlarda 2019-yildan buyon «Toʻpalang Xolding» kompaniyasi tomonidan qurilish-montaj olib borildi, — deydi «Toʻpalang» GES rahbari Asror Ulugʻov. — Bu yerda kelgusida yana 2 ta agregat quriladi. Har birining quvvati 72,5 MV boʻlgan jami 150 MV elektr energiya ishlab chiqarish liniyasi bunyod etish boʻyicha amaliy harakat boshlangan.

Ahamiyatli jihati shundaki, tabiiy va qayta tiklanuvchi resurs evaziga “Zarchob-1”, “Zarchob-2” GESlar tomonidan ekologik toza va barqaror elektr energiyasi ishlab chiqarilib, viloyat ijtimoiy va iqtisodiy tarmoqlari va mahalliy aholiga yetkazib beriladi.

— Biz Oʻzbekistonda energetika sohasini rivojlantirish, xususan, koʻp yillik tajribamiz asosida gidroelektr stansiyasi qurilishida qatnashayotganimizdan mamnunmiz, — deydi xitoylik menejer Sun Jianfeng. — “Zarchob-1” va “Zarchob-2” kichik GESlarida mahalliy korxonalar bilan birga muhim loyihani amalga oshirishga kerishdik. Bugun har ikala agregatlar toʻliq quvvat bilan ishlayotir. Kelgusida ham bu boradagi hamkorligimiz davom etadi.

Shu bilan birga, hozirda «Toʻpalang» suv manbaidan viloyat aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga doir megaloyiha jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 361 km. masofaga suv quvurlari tortish ishlari olib borilyapti. Bu tarmoq ishga tushirilgach, viloyatning Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot va Termiz tumanlari hamda Termiz shahridagi qariyb 2 million nafarga yaqin aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanadi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?