Zarbali-toʻlqinli terapiya orqali “tovon pixi” qanday davolanadi?

10:49 28 May 2023 Jamiyat
951 0

Onkolog Tojiddin Mustafoyevning aytishicha, xalq tilida “tovon pixi” deb nomlanadigan plantar fassiit – tovon yumshoq toʻqimasining yalligʻlanishi oqibatida hosil boʻladigan suyak oʻsimtasidir.

Bunda sakrash, kuchli zarba, kun boʻyi tik oyoqda yurish, semizlik, gavda vazni oyoqlarga notoʻgʻri taqsimlanishi kabi omillar taʼsirida tovonlar ortiqcha zoʻriqishdan yalligʻlanadi.

Ana shu jarohatlar oʻrnida suyak oʻsimtalari shakllanib, harakatlanganda yumshoq toʻqimalarga qadaladi va bemor ogʻriqdan aziyat chekadi.

Xoʻsh, bu oʻsimtalar qanday davolanadi?

Radial toʻlqinli terapiya orqali “tovon pixi”ni yoʻqotish hozirda eng samarali usullardan biridir.

Bunda shikastlangan joyga, yaʼni “tovon pixi”ga maxsus apparat yordamida tovushli, zarbali-toʻlqinli taʼsir oʻtkaziladi.

Bunday toʻlqin faqat yalligʻlanish va ogʻriqqa qarshi taʼsir koʻrsatib qolmasdan tuzli choʻkindilarni ham maydalaydi.

Zarbali-toʻlqinli terapiyaning asosiy samarasi, avvalo, ogʻriqni toʻxtatish, oyoq kaftida harakat koʻlamini tiklash va yuklamalarga chidamlilikni oshirishdan iborat.

Asosiy muolajaga qoʻshimcha ravishda yalligʻlovchi jarayonlarni yoʻqotishga yoʻnaltirilgan davolash choralari ham qoʻllaniladi.

Bunda nosteroid yalligʻlanishga qarshi hamda tarqatuvchi taʼsirga ega boʻlgan gel va surtmalar qoʻllaniladi, fizioterapiya, rentgenoterapiya va jismoniy mashqlar tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?