“Zarafshon oyna”sining jozibasi

21:03 05 Dekabr 2022 Jamiyat
669 0

Foto: Xalq so‘zi

Qizilqum haqida soʻz ketsa, uning bagʻrida Mendeleyev davriy jadvalidagi barcha elementlar jamlangani, albatta, tilga olinadi. Biroq mazkur boy xomashyo resurslaridan yaqin-yaqinlargacha faqat oltin va urangina qazib olinib, oddiy qum, tosh va tuproqdan ham mamlakatimiz iqtisodiyoti uchun muhim mahsulot ishlab chiqarish qizilqumliklarning yetti uxlab tushiga kirmagan boʻlsa, ajab emas. Xususan, hududning oyna ishlab chiqarishdagi asosiy xomashyo – kvars qumi, ohaktosh va dolomitga boyligi Zarafshon shahrida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga turtki berdi.

— Davlatimiz rahbari 2018-yilda Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida oyna ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, bunda korxonani zamonaviy uskunalar bilan jihozlash vazifalarini belgilagan edi, — deydi “Zarafshon oyna” MCHJ taʼsischisi Bahodir Yusupov. — Shu asosda 250 million AQSH dollari miqdorida mablagʻ yoʻnaltirilib, Germaniya, Fransiya va Italiya davlatlaridan eng soʻnggi avlod uskunalar keltirildi. Natijada xomashyo qazib olishdan tortib, tayyor mahsulot holiga keltirishgacha boʻlgan sikl oʻzlashtirilib, M0, M1 markali oyna ishlab chiqarilmoqda. Shuni alohida taʼkidlash joiz, ushbu markadagi mahsulotni hamma zavod ham ishlab chiqara olmaydi. Ular sanoqligina, oʻshalar safida ekanligimiz bizni quvontiradi. Mahsulotimiz sifatiga yana bir dalil shuki, bugungi kunda quvvatimiz yiliga 12 million metr kvadrat boʻlgani holda Yevropa mamlakatlaridan 18 million metr kvadratga talabgor bor. Lekin biz ichki bozor talabidan kelib chiqib, ishlab chiqargan mahsulotimizning 50 foizini import oʻrnini bosishga yoʻnaltirmoqchimiz.

Korxonada shisha ishlab chiqarish jarayoni, eritish, qoliplash, sovutish texnologik liniyalariga oʻrnatilgan nazorat hamda boshqaruv tizimi toʻliq avtomatlashtirilgan. Shunga qaramay, uning kon va sexlaridan 700 nafar zarafshonliklar ish oʻrinlariga ega boʻlishdi.

— Mana shu korxona joylashgan hudud 30 gektarlik tashlandiq yer edi, — deydi Zarafshon shahridagi “Tinchlik” MFY raisi Akbar Joʻrayev. — Bandligi taʼminlanganlarning yarmidan koʻpini yoshlar, mahallamizning ishsiz ayollari tashkil etadi.

Zavodning ijtimoiy ahamiyatiga toʻxtaladigan boʻlsak, uning ishga tushirilishi tufayli koʻplab yoshlarningbandligi taʼminlandi. Germaniya, Yaponiya va Italiyadan kelgan mutaxassislar olti oy mobaynida bu yoshlarning malaka va koʻnikmalarini oshirishlariga yordamlashdilar.

— Korxonamizda xomashyodan tortib to tayyor mahsulot olingungacha boʻlgan barcha jarayon 24 soat davomida sifat laboratoriyasi nazorati ostida boʻladi, — deydi korxona texnologi Ulugʻbek Norqulov. — Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimizning maxalliylashtirish darajasi 99 foizni tashkil etadi. Ayni kunlarda mavjud quvvatlarimiz yiliga 40 million AQSH dollariga teng mahsulot ishlab chiqarish imkonini berib, shuning 20 million dollarlik hajmi eksportga yoʻnaltiriladi.

“Zarafshon oyna”da ichki kommunikatsiyalar tayyor mahsulotni bevosita ombordan temir yoʻl hamda avtotransport vositalari orqali isteʼmolchilarga yetkazib berish imkoniyatiga ega. Oyna kabi nozik mahsulot bozorida bu muhim ahamiyat kasb etadi.

Bir soʻz bilan aytganda, ushbu korxona nafaqat mamlakatimiz yoki mintaqa, balki Yevropa bozorida ham oʻz raqobatbardoshligi bilan birga jozibador takliflari orqali isteʼmolchilar eʼtiborini tobora tortmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер