“Zamonaviy maktab” nomi bizga katta masʼuliyat yukladi

Mamlakatimizdagi soʻnggi yillarda navqiron avlod vakillarining yaxshi taʼlim-tarbiya olishi, barkamol boʻlib voyaga yetishlarida amalga oshirilayotgan islohotlarni koʻrib koʻz quvnaydi. Bugun taʼlim dargohlari yanada chiroy ochmoqda, ularda saboq olayotgan oʻquvchilar ham kundan-kunga yangi marralarni zabt etishmoqda.
Buni Toshkent shahar Chilonzor tumanidagi 178 ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi misolida ham koʻrish mumkin. Mazkur taʼlim dargohi bugun tumanning eng oldi maktablaridan hisoblanadi. Bunda albatta maktab jamoasi, oʻquvchilariga oʻz farzandidek munosabatda boʻlib mehr va kuyinchaklik bilan taʼlim berayotgan oʻqituvchi-murabbiylarning oʻrni katta.
Qayd etish joizki, malakali va koʻp yillik tajribaga ega ustozlardan bilim olayotgan maktab oʻquvchilari bugun xalqaro hamda respublika olimpiadalari, tanlovlarda faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritishmoqda. Masalan, bu yil maktabning 8 sinf oʻquvchisi Jahongir Reyimberdiyev Al-Xorazmiy olimpiadasining Tabiiy fanlar yoʻnalishida tuman va shahar bosqichlarida gʻolib boʻlib, respublika bosqichiga yoʻllanma oldi. 9 sinf oʻquvchisi Xayrullayev Xonzod esa fransuz tili fanidan umumtaʼlim fanlarining asosiy olimpiadasida yaxshi natija koʻrsatdi. U ham hozirda respublika bosqichiga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Maktabning erishgan yutuqlari eʼtibordan chetda qolmadi, u joriy oʻquv yilida “Zamonaviy maktab” maqomiga ega boʻldi va maxsus sertifikat bilan taqdirlandi.
— Maktabimiz erishayotgan natijalar, yutuqlar yildan yilga son va sifat jihatdan yaxshilanib bormoqda, — deydi maktab direktori Nigora Yunusmuhammedova. — Oʻquvchilar ilmga chanqoq, oʻqituvchilarimiz mahoratli va oʻz ishiga talabchan. Yaqinda taʼlim muassasamiz Toshkent shahridagi 35 ta maktab qatorida “Zamonaviy maktab” maqomiga loyiq koʻrildi. Bu, albatta, ishimizga yanada masʼuliyat bilan yondashishimizni talab etadi.
Aminmizki, mazkur taʼlim dargohidan hali yurtimiz ravnaqini oshirishga bel bogʻlagan, xalqimizga foydasi tegadigan, bir soʻz bilan aytganda, jonajon Oʻzbekistonimizning chin farzandlari yetishib chiqadi.
Rahmatjon BOBOJONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring