Zamonaviy konstitutsionalizm: Milliy va xorijiy tajriba

16:21 14 Dekabr 2021 Siyosat
1056 0

2021-yil 14-dekabr kuni “Zamonaviy konstitutsionalizm: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtadi. Tadbir Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Barqaror rivojlanish markazi hamda Davlat va huquq instituti hamkorligida Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston Respublikasidagi delegatsiyasi koʻmagida tashkil etildi.

Konstitutsiyaviy islohotlar — davr talabi

Maʼlumki, joriy yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Prezidenti saylovida barcha nomzodlarning saylovoldi uchrashuvlarida elektorat vakillari tomonidan mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish taklifi ilgari surilgan edi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev milliy va jahon konstitutsiyaviy tajribasini chuqur va puxta oʻrganish lozimligini taʼkidlagandi: “Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan boʻlsak, tub burilish davrida koʻpgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini koʻramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini oʻrganib, puxta oʻylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy Qonunimizni takomillashtirish masalasini ham koʻrib chiqishimiz kerak”.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori boʻlib xizmat qildi. Bir paytning oʻzida u yashayotgan davrimiz, xalqimiz va hayotning oʻzi, islohotlar talabi va ehtiyojidan kelib chiqib takomillashtirib boriladi. Zero, har qanday demokrtik islohotlar mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy asosga ega boʻlsagina bardavom va samarali boʻladi.

Harakatlar strategiyasi doirasida Konstitutsiyamizning 21 ta moddasiga 9 marotaba, 32 ta oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Saylov davridagi elektorat takliflarini umumlashtirib, Prezidentimiz mamlakatimiz Konstitutsiyasining 29 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan tabrigida Asosiy Qonunimizni yanada takomillashtirishning 9 ta yoʻnalishini belgilab berdi.

Boʻlajak xalqaro Forumda ishtirokchilar ushbu masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashadilar.

Konstitutsiya va Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi

Avvalo, taʼkidlash joizki, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan oʻzaro bogʻliq va mohiyatan bir-birini taqozo etuvchi tub demokratik siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat va konstitutsiyaviy tizim, jamiyatda siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy sohalarda oʻta muhim oʻzgarishlar kuzatilmoqda.

Shu bilan birga, globallashuv, raqamlashtirish, iqlim oʻzgarishi va jadal oʻzgarib borayotgan hayot mamlakatimizni yanada modernizatsiya qilish, tinchlik, barqarorlik va milliy mustaqillikni mustahkamlash borasida yangi va yangi yechimini kechiktirib boʻlmaydigan, oʻta dolzarb vazifalarni qoʻymoqda.

Shu bois ham Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasida oʻta ahamiyatli va jiddiy vazifalar belgilangan. Mamlakatni modernizatsiya qilishning yetti yoʻnalishi boʻyicha 50 dan ortiq kodekslar, qonunlar, strategiyalar, konsepsiya va dasturlarni qabul qilish va hayotga tatbiq etish koʻzda tutilgan, 100 dan ortiq boshqa tashabbuslar ilgari surilgan. Strategiya qonunchilik, huquqni anglash, huquqiy tafakkur va huquqni qoʻllash tizimini, jamiyatning siyosiy va huquqiy ongini umuminsoniy qadriyatlar hamda barqaror rivojlanish tamoyillariga yoʻnaltiradi.

Jahon konstitutsiyaviy jarayoni: XXI asr tajribasi

Jahon amaliyoti islohotlarni izchil amalga oshirishda aynan jamiyat va davlatni modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirish muhim ahamiyatga egaligini koʻrsatmoqda.

Bugun dunyoda biror-bir Konstitutsiya ilk bor qabul qilingan tahririda saqlanib qolmagan. Birgina XXI asrda dunyoning 90 ga yaqin davlatida konstitutsiyaviy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirildi, 57 tasida yangi Konstitutsiya qabul qilindi. Bu borada Konstitutsiyaga eng koʻp oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritgan oʻnta davlatlar sirasiga Meksika, Yangi Zelandiya, Braziliya, Shveysariya, Avstriya, Isroil, Chili, Kolumbiya, Gruziya va Hindiston kiradi.

Bunda turli mamlakatlardagi konstitutsiyaviy oʻzgarishlar asosan tashqi va ichki tahdid hamda xatarlarni inobatga olib, ularga javob berishga qaratilganligi bilan oʻzaro oʻxshashligini taʼkidlash joiz. Zamonaviy konstitutsiyalar bundan yuz yil oldin unchalik koʻzga tashlanmagan yangidan-yangi — atrof-muhit, gender tengligi, inson, ayniqsa, nogironligi boʻlgan shaxslar, kelajak avlod huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kabi masalalarni qamrab olgan. Ularda, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish, shaxsiy raqamli maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlash, ilmiy-texnologik va innovatsion rivojlanish, toʻgʻridan-toʻgʻri elektron demokratiya va xalq qonunchilik tashabbusi elementlarini joriy etish kabi boshqa zamonaviy masalalar ham oʻrin olgan.

Konstitutsiyaviy islohot: mazmuni va yoʻnalishlari

Konstitutsiyaviy islohot bugungi va istiqboldagi muvaffaqiyatli va barqaror taraqqiyotning zaruriy huquqiy sharti va asosidir. Xususan, u “samarali va yaxshi boshqaruv” tizimini joriy etishning muhim vositasi sifatida hokimiyat tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, hisobdorlik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni oshirishga yordam beruvchi konstitutsiyaviy “qoidalar”ni oʻrnatadi. Boshqaruv sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu oʻzgarishlar siyosiy tizim barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiyotni rivojlantirishga foyda keltirib, natijada sarmoya kiritish va taraqqiyotni taʼminlash uchun qulay va barqaror muhit yaratadi.

Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasining hayotga tizimli va izchil tatbiq etilishi demokratik islohotlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqmoqda. Bu, birinchi oʻrinda, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni toʻla roʻyobga chiqarishni nazarda tutadi. Qayd etish lozimki, “inson qadri” — fuqarolarning tinch va xavfsiz hayotini, asosiy huquq va erkinliklarini, bosqichma-bosqich munosib turmush sharoitini taʼminlash va zamonaviy infratuzilmani yaratish, mamlakatning har bir fuqarosi uchun malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, sifatli taʼlim, ijtimoiy himoya va sogʻlom ekologik muhitni yaratish demakdir.

Bunga, eng avvalo, “Yangi Oʻzbekiston — xalqchil va insonparvar davlat” gʻoyasi va “inson — jamiyat — davlat” tamoyilini hayotga faol tatbiq etish, Prezident, parlament va hukumat oʻrtasida vakolatlarni aniq taqsimlash, hokimiyatlar boʻlinishi tizimida oʻzaro tiyib turish va muvozanatni mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro hamjamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topish orqali erishiladi.

Fuqarolik jamiyati institutlari, parlamentarizm, koʻppartiyaviylik tizimini shakllantirish va rivojlantirish haqiqiy demokratiya timsoli hisoblanadi. Taraqqiyot strategiyasida joylardagi muammolarni hal etishda mahalliy boshqaruv hokimiyati organlarining roli va masʼuliyatini yanada oshirish, davlat funksiyalarining aksariyat qismini markazdan hududlarga oʻtkazish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar belgilangan.

Xususan, hududlarni rivojlantirishda mahalliy Kengashlarning rolini oshirish, fuqarolik institutlarining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoit yaratishga eʼtibor qaratiladi. Birgina 2021-yilning oʻzida mahalliy Kengashlar tomonidan fuqarolarning 29 mingdan ortiq muammolari ijobiy hal etilganligini inobatga oladigan boʻlsak, ular faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash “Xalqparvar davlat” gʻoyasini yanada keng hayotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

Oʻzini oʻzi boshqarish instituti har qanday konstitutsiyaviy tuzum va fuqarolik jamiyatining asosiy ustunlaridan biri boʻlsa, oila jamiyatning eng muhim boʻgʻinidir. Shu maʼnoda, ushbu institutlarning konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash inson, jamiyat va davlat, maʼnaviy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, fuqarolar farovonligini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ijtimoiy davlatning Konstitutsiyaviy konsepsiyasi

Taraqqiyot strategiyasida “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” prinsipini hayotga tatbiq etish boʻyicha konstitutsiyaviy normani mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Bunda jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, “ijtimoiy davlat” tushunchasi faqatgina “ijtimoiy taʼminot” bilan cheklanib qolmaydi, balki ijtimoiy farqlar (mulkiy tengsizlik, jamoaviy, umumiy neʼmatlardan foydalanish — taʼlim, sogʻliqni saqlash) va nizolarni (mehnat va kapital oʻrtasidagi va boshqalar) minimallashtirishni oʻz ichiga olgan kengroq talqinni talab qiladi.

Davlat — ijtimoiy munosabatlarning subyekti boʻlgan inson muammosini hal etish masalalari ustuvor vazifaga aylangan, ijtimoiy muammolar yechimini topishda jamiyatning barcha siyosiy va iqtisodiy tizimi ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, shaxsning ijtimoiy ehtiyojlarini himoya qilish uchun normativ-huquqiy baza yaratilgan va amalda faoliyat koʻrsatgan taqdirdagina ijtimoiy davlatga aylanadi. Shubhasiz, davlat oʻz fuqarolariga gʻamxoʻrlik qilishi shart. Zero, ijtimoiy davlatning mazmun-mohiyati ham aynan shundan iborat.

Kuchli ijtimoiy siyosatni olib borish ijtimoiy munosabatlar tizimini tartibga soluvchi hokimiyat instituti boʻlmish davlatning tabiatiga xosdir. Bu mohiyatan davlatning oʻz fuqarolariga ijtimoiy gʻamxoʻrligini nazarda tutadi. Bu vazifa masʼuliyat va majburiyatga aylansa, davlat ijtimoiylashadi.

Ijtimoiy davlat — bu bozor iqtisodiyoti, turli pandemiya va epidemiyalar sharoitida oʻz fuqarolariga maʼlum bir minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat. Bu — jamiyat tuzilmasini tashkil etishning muayyan bir shakli boʻlib, unda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlar yuqori darajada rivojlangan boʻlib, uning maqsadi insonning shaxs sifatida imkoniyatlarini toʻla roʻyobga chiqarish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash. Yaʼni davlat oʻz fuqarolariga, jumladan, pandemiya sharoitida ham ijtimoiy kafolatlar taqdim etishi uchun javobgarligini anglatadi.

Xalqaro siyosiy va huquqiy qarashlarda ijtimoiy davlat gʻoyasi oʻz ifodasini ikki asosiy tushunchada aks etadi “umumfarovonlik va xurramlikni taʼminlovchi davlat” (Buyuk Britaniya) va “ijtimoiy huquqiy davlat” (1949-yilda Germaniyaning Asosiy qonunida mustahkamlangan). Keyinchalik ushbu gʻoya 1958-yilda Fransiya Konstitutsiyasining 1-moddasida ham mustahkamlangan boʻlib, unda “Fransiya ajralmas, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy Respublikadir...”, deb taʼkidlangan. Hozirda “Ijtimoiy davlat” atamasi Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi davlatlarining koʻplab konstitutsiyalarida mavjud. Biroq, ularning aksariyatida faqat “ijtimoiy davlat” atamasi mavjud boʻlib, uning mazmun-maqsadlari toʻliq yoritilmagan.

Asosiy qonunlarida faqat “ijtimoiy davlat” iborasi mavjud boʻlgan koʻplab mamlakatlardan farqli oʻlaroq, Rossiya Konstitutsiyasida uning mazmuni quyidagicha belgilangan: “Rossiya Federatsiyasi — siyosatining maqsadi insonning munosib hayoti va erkin rivojlanishini taʼminlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan ijtimoiy davlatdir”. Bir tomondan, bunday taʼrif siyosiy maqsad sifatida berilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, unda ijtimoiy davlatning ustuvor asoslari: insonning munosib hayoti va erkin rivojlanishi koʻrsatib oʻtilgan.

Konstitutsiya va xususiy mulkchilik

Xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyaviy islohotlarida “birdamlik” tamoyilini hayotga keng tatbiq etish, huquqiy, ijtimoiy davlat qurish, adolatli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, inson kapitalini rivojlantirish orqali jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlash joizki, adolatli fuqarolik jamiyati bu erkin shaxslar jamiyati boʻlib, bunda kuchli oʻrta mulkdorlar sinfi mavjud hamda insonning har tomonlama kamol topishi, fuqarolarni erkin, jamiyatning madaniy, ijtimoiy faol va qonun oldida masʼuliyatli aʼzolari etib tarbiyalash uchun zarur moddiy va boshqa shart-sharoitlar yaratilgan. Shu maʼnoda, konstitutsiyaviy islohotlarda quyidagi ustuvor masalalarga eʼtibor qaratilmoqda:

birinchidan, aholi farovonligini taʼminlash, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish va insonning iqtisodiy huquqlarini taʼminlashning eng muhim va zarur sharti sifatida xususiy mulkning (jumladan, yer va foydali qazilmalarga nisbatan) daxlsizligi va himoyasi tamoyillarini amalga oshirish. Xususiy mulk daxlsizligi ustuvorligidan kelib chiqib, davlat idoralari axborotiga ishonib mulkka ega boʻlgan shaxslarning huquqlarini buzishga yoʻl qoʻymaydigan konstitutsiyaviy-huquqiy bazani yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi;

ikkinchidan, sud fuqarolar va tadbirkorlarning huquqlarini tiklash, xususiy mulkni himoya qilish tarafdori boʻladigan, ijro hokimiyati organlarini qonun doirasida harakat qilishga majbur qiladigan, jamiyat taraqqiyotiga, birinchi navbatda, uning iqtisodiy ravnaqiga xizmat qiladigan tizimni yaratish. Bunday tizim inson huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Birgina 2021-yilning oʻzida Oʻzbekistonda 6,5 mingdan ortiq fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklandi;

uchinchidan, aksariyat davlatlar konstitutsiyalarida xususiy mulk huquqi insonning konstitutsiyaviy huquqlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan. Xususiy mulk huquqining Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi shu bilan izohlanadiki, u nafaqat shaxs va uning oilasi hayotining moddiy farovonligi va barqarorligi manbai sifatida muhim ahamiyatga ega, balki fuqaroning boshqa koʻplab konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini: qadr-qimmati (munosib turmush darajasi), erkin tadbirkorlik faoliyati, uy-joy, sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyatni rivojlantirish, erkin harakatlanish va boshqa huquqlarini amalga oshirishga ham xizmat qiladi. Bunda xususiy mulk huquqining alohida ahamiyatini inobatga olib, zamonaviy konstitutsiyalarda ushbu huquqning oʻzini belgilash bilan bir qatorda, koʻpincha, xususiy mulk huquqining mexanizmlari, yaʼni obyektlari, subyektlari, huquqni amalga oshirish chegaralari va imkoniyatlari, uning cheklovlari, kafolatlari va himoya qilish usullari ham koʻrsatiladi;

toʻrtinchidan, turli mamlakatlar konstitutsiyalarida nafaqat xususiy mulkning subyektiv huquqi, balki obyektiv huquq instituti sifatidagi xususiy mulkning eng muhim belgilari, eng avvalo, uning boshqa mulk shakllari bilan munosabatlari, xususiy mulkning ijtimoiy xususiyati belgilab qoʻyilgan. Xususiy mulkning konstitutsiyaviy institutsionalizatsiyasi uning ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan favqulodda omil ekanligi bilan ham chambarchas bogʻliq. Xususan, u konstitutsiyaviy qadriyatlar boʻlmish bir tomondan huquqiy va demokratik davlat, boshqa tomondan esa ijtimoiy davlat tushunchalari orasidagi mutanosiblikni oʻrnatishda ulkan ahamiyatga ega.

Xususiy mulk huquqini rivojlantirish va uni konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solishning eng muhim zamonaviy tendensiyalari quyidagilardan iborat:

  • xususiy mulkning ijtimoiy funksiyasini kuchaytirish;
  • xususiy mulkning konstitutsiyaviy va huquqiy kafolatlarining zaiflashuvi;
  • yakka tartibdagi xususiy mulkning zaiflashuvi hamda jamiyat va davlat hokimiyatiga katta taʼsir koʻrsatuvchi korporativ xususiy mulkning oʻsishi;
  • konstitutsiyaviy xususiy mulk huquqi obyektlari doirasini kengaytirish, jumladan, axborotni xususiy mulk huquqi obyekti sifatida konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash;
  • xususiy mulkni konstitutsiyaviy va huquqiy tartibga solishning integratsiyasi va differensiatsiyasining uygʻunligini taʼminlash.

Tarixda xususiy mulk kafolatlarini belgilab bergan konstitutsiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan birinchi hujjat Fransiyaning 1789-yildagi Inson va fuqaroning huquq va erkinliklari deklaratsiyasi boʻlib, unda xususiy mulk insonning tabiiy va ajralmas, muqaddas va daxlsiz huquqi sifatida koʻrsatilgan. Deklaratsiyadagi mulk masalalari “inson va fuqarolik huquqlari” boʻlimida aks ettirilgan va uning 2-bandida shunday deyilgan: “Har qanday siyosiy birlashmaning maqsadi insonning tabiiy va ajralmas huquqlarini taʼminlashdir. Bu huquqlar erkinlik, mulk, xavfsizlik va zulmga qarshilik koʻrsatishni oʻz ichiga oladi”.

Xususiy mulk, unga boʻlgan huquq erkinlik va xavfsizlik bilan bir qatorda eng oliy qadriyat sifatida eʼtirof etiladi hamda ular insonning ajralmas huquqidir. Bundan tashqari, Deklaratsiyaning 17-moddasida: “Mulk daxlsiz va muqaddas huquq boʻlganligi sababli, hech kim undan qonunda belgilangan ijtimoiy zaruratdan, adolatli va oldindan tovon undirilishi shart boʻlgan hollardan tashqari, mahrum etilishi mumkin emas”.

Ushbu Deklaratsiya 1946 va 1958-yillardagi Fransiya konstitutsiyalarining Preambulasiga kiritilgan. Biroq, Fransiyada xususiy mulk oʻziga xos ikki tomonlama maʼnoga ega, chunki bir tomondan u konstitutsiyaviy tushuncha boʻlib, mulkning boshqa shakllari kabi daxlsizdir, boshqa tomondan esa jamiyat mulki xususiy mulkdan ustun qoʻyiladi.

Fransiyaning huquqiy hujjatlarida ijtimoiy davlat gʻoyasiga qarshi oʻlaroq xususiy mulk daxlsizligiga nisbatan bir oz noaniq munosabat mavjud. Konstitutsiyada “Fransiya... ijtimoiy respublikadir. Bu barcha fuqarolarning qonun oldida tengligini taʼminlaydi”. Ijtimoiy davlat xususiy mulk chegaralarini talqin qilishdan kelib chiqib, jamiyat oldida tenglikni taʼminlash majburiyatini oladi. Shu munosabat bilan bu borada Fransiya va boshqa xorijiy tajribalarni chuqurroq oʻrganish muhim ahamiyatga ega.

Konstitutsiya va dunyoning ekologik muammolari

Hozirgi vaqtda koʻpgina rivojlangan davlatlar global iqlim oʻzgarishlarini hisobga olgan holda oʻz konstitutsiyalariga maxsus ekologik boʻlimlarni kiritmoqdalar. Bunda Fransiya, Rossiya va boshqa Yevropa davlatlarining ekologik xartiyalarini Konstitutsiyaning tarkibiy qismlari sifatida qabul qilish borasidagi tajribasi qiziqarlidir.

Xususan, konstitutsiyalarda ekologik huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari mustahkamlangan boʻlib, ular jamiyat va tabiatning oʻzaro munosabatlari ehtiyojlariga mos kelishi kerak. Bu:

birinchidan, obyektiv shartlilik (huquqiy tamoyil tabiatga, tarixga va jamiyatga mos kelgandagina haqiqiy deb tan olinishi mumkin);

ikkinchidan, tarixiy shartlilik (davlat siyosati va davlat tuzumining oʻzgarishi bilan huquqiy tartibga solish tamoyillari oʻzgaradi. Agar ilgari yer va tabiiy obyektlar davlatning mutlaq mulkida boʻlgan boʻlsa, keyinchalik ular fuqarolarning xususiy mulkida boʻlishi mumkin, yaʼni tabiiy obyektlarga nisbatan mutlaq davlat monopoliyasi prinsipi oʻzgartiriladi);

uchinchidan, tizimlilik (ekologik huquqning barcha tamoyillarini umumiy huquqiy (konstitutsiyaviy) tamoyillarga, umumiy qism tamoyillariga va ekologik huquqning maxsus qismi tamoyillariga tasniflash).

Konstitutsiya: axborotlashgan jamiyat sari

Insoniyat sivilizatsiyasi rivojlanishidagi zamonaviy tarixiy bosqichning eng muhim xarakterli xususiyati “raqamli” va axborotlashgan jamiyatning shakllanishidir. Axborot va bilim rivojlanish, davlat tuzilmalarini yanada tejamkor va samarali tuzilmalarga aylantirishning strategik omillariga aylanmoqda.

Shu bilan birga, koʻplab davlatlar toʻrtinchi sanoat inqilobiga qadam qoʻyayotgan sharoitda Oʻzbekistonning raqobatbardoshligini amalda taʼminlash, shuningdek, axborotlashgan jamiyatni shakllantirish maqsadida davlat tomonidan axborot texnologiyalari va “raqamli konstitutsiyaviy institutlar”dan foydalanishni qoʻllab-quvvatlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalarini koʻrib chiqish zarur.

Akmal SAIDOV,  Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер