“Zamin” fondining Andijon viloyatida amalga oshirgan ishlari tahlil qilindi

15:24 23 May 2022 Jamiyat
567 0

Foto: Халқ сўзи

“Zamin” fondi vasiylik Kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Andijon viloyatida boʻlib, fond tomonidan joylarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Jumladan, Xoʻjaobod tumanidagi ikki maxsus maktab va Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida boʻldi.

Aytish joiz, Xoʻjaobod tumanidagi ushbu maktablar fond tomonidan zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Qolaversa, oʻquvchilarning barchasi tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, ularga aniq tashxis qoʻyildi. 402 nafar oʻquvchi esa “Eshitishni xohlayman” xayriya loyihasi doirasida raqamli eshitish moslamasi bilan taʼminlandi.

Ziroat Mirziyoyeva maktablarda boʻlib, oʻquvchilarning zamonaviy taʼlim shaklini qay tarzda oʻzlashtirayotgani bilan qiziqdi. Shu bilan birga “Zamin Education” loyihasi doirasida oʻz ishini boshlagan IT-oromgohda yuqori sinf oʻquvchilarining dasturlash va robototexnika koʻnikmalarini faol oʻzlashtirayotgani, kompyuter ilovalarini yaratganliklari guvohi boʻldi.

Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabida fond tomonidan “Zamin Creative” ijod studiyasi tashkil etilganiga hali hech qancha vaqt boʻlgani yoʻq. Shunday boʻlsada, u teatr sanʼati, fashion design (kiyim dizayni) va media-savodxonlik yoʻnalishlariga qiziquvchi oʻgʻil-qizlarning iqtidorini shakllantirishda muhim oʻrin tutmoqda. Ziroat Mirziyoyeva studiyada yoshlar bilan uchrashar ekan, Namangan, Fargʻona va Jizzax viloyatlarida ham bu kabi studiyalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish haqidagi rejalar bilan oʻrtoqlashdi.

Ushbu tashrif davomida fond tomonidan Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер